Toshkentning «Paxtakor» futbol klubi jamoaga Maksim Shatskix bosh murabbiy etib tayinlanganini malum qildi.

43 yoshli mutaxassis bilan 3 yillik shartnoma imzolangan, bu esa klubning Shatskix bilan rejalari kattaligini ko‘rsatadi, deyiladi xabarda.

Bungacha u iyun oyidan beri «Paxtakor»da sport direktori sifatida ishlab kelayotgandi. Valeriy Lobanovskiy singari mutaxassis qo‘l ostida «Dinamo» Kiyevda o‘ynagan Shatskix zamonaviy futbol bilimlarini yaxshi o‘zlashtirgan. Yanvar oyidan beri jamoani boshqargan Shimoliy Makedoniya terma jamoasining avvalgi bosh murabbiyi Slavche Voineski yil oxirigacha tuzilgan shartnomani muddatidan oldin bekor qilinganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgandi.

Jismoniy tayyorgarlik murabbiyi sifatida ukrainalik Vitaliy Shpanyuk taklif etildi. 51 yoshli mutaxassis faoliyati davomida Ukrainaning «Kremen», «Arsenal», «Slavutich», «Karpati», «Lvov», «Vorskla» va LNZ, Rossiyaning «Anji», «Rotor», Gruziyaning «Dinamo» Tbilisi klublarida ishlagan. Shuningdek, uch yarim yil davomida Ukraina milliy terma jamoasida ishlagan.

Shatskixning yordamchisi sifatida Vyacheslav Belyayev faoliyat olib boradi. U Ukrainaning «Tavriya», «Metallist», Gruziyaning «Dinamo» (Tbilisi) va Rossiyaning «Rotor» klublarida ishlagan. Mahalliy mutaxassislardan Denis Ivankov (darvozabonlar murabbiyi), Kamoliddin Tojiyev (yordamchi) va Yuriy Siyanov (jismoniy tayyorgarlik) Shatskixga yordam berishda davom etishadi.

«Paxtakor» joriy mavsumda Osiyo Chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmadi va O‘zbekiston Superligasi turnir jadvalida 23 ochko bilan peshqadam «Navbahor»dan 2 ochko ortda qolib, 3-o‘rinni egallab turibdi.