Moliya vazirligi 15 iyuldan «Tashabbusli budjet» jarayonining 2-mavsumi boshlanganini ma’lum qildi. Xabarda keltirilishicha, bu mavsumda fuqarolar ilgari suradigan loyihalarni moliyalashtirish uchun respublika bo‘ylab qariyb 900 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Unda fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.

Tashabbusli budjet jarayonini o‘tkazishning amaldagi tartibiga ayrim tuzatish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, endilikda Tashabbusli budjet jarayonlarining har bir bosqichi 20 kundan — jami 60 kun davom etishi belgilandi.

Shunga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» jarayonining 2-mavsumi:

  • 1-bosqich — takliflarni ilgari surish — 15 iyuldan — 3 avgustgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 15 avgustdan — 4 sentabrgacha)
  • 2-bosqich — loyihalarni saralab olish — 4 avgustdan — 23 avgustgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 sentabrdan — 24 sentabrgacha)
  • 3-bosqich loyihalarga ovoz berish — 24 avgustdan — 12 sentabrgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 24 sentabrdan — 14 oktabrgacha) davom etadi.

Birinchi mavsum esa quyidagicha o‘tgandi:

  • 1 fevral — 22 fevralda batafsil ko‘rinishda tashabbus qoldirildi;
  • 23 fevral — 4 mart oralig‘ida tashabbuslar moderatsiya qilindi;
  • 5 mart — 1 aprel davrida saralangan tashabbuslar bo‘yicha fuqarolarning ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

1 aprel kuni «Tashabbusli budjet» loyihasining ilk mavsumi yakunlandi hamda g‘oliblar e’lon qilindi. Natijalarga ko‘ra, ushbu mavsum davomida fuqarolar jo‘natgan jami 70 mingga yaqin tashabbusdan 2215 tasi g‘olib bo‘ldi. Ushbu loyihalarga ovoz berish jarayonlarida esa 6,7 mln kishidan ko‘proq aholi ishtirok etdi. G‘olib deb topilgan tashabbuslarning 34 foizi umumta’lim maktablarini ta’mirlash loyihalari bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanma tayyorlagandi.