Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 iyuldagi 1-son bayoniga muvofiq 2022−2023 o‘quv yili qabulida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish muddatlari uzaytirildi. Bu haqda 15 iyul kuni Davlat test markazi xabar qildi.

Unga ko‘ra 2022−2023 o‘quv yili qabulida abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 2022 yil 27 iyulga qadar (27 iyul kuni ham) davom etadi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ro‘yxatga olish esa 17 iyulga qadar (17 iyul kuni ham) amalga oshiriladi.

Mazkur muddat davomida abituriyentlar o‘z ma’lumotlarini o‘zgartirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘ladigan bo‘lsa, sertifikat ma’lumotlarini tizimga kiritishlari mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazi sayti orqali amalga oshiriladi.

DTM «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Qoraqalpog‘iston aholisi YAIDXP va DTM saytiga kirish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish maktablar va Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.