O‘zbekiston Markaziy banki 2022 yilning ikkinchi choragi uchun ko‘chmas mulk bozori sharhini e’lon qildi. Regulyatorning fikricha, bozorda yuqori faollik saqlanib qolgan.

Biroq o‘tgan davrda narxlarning sezilarli o‘sishidan so‘ng, uy-joy narxida korreksiya qayd etilib, buning natijasida narxlarning o‘sish sur’atlarida sezilarli pasayish kuzatildi.

Ikkinchi chorakda 81,9 mingta shartnoma tuzildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,2 foizga ko‘pdir. Toshkent viloyatidan tashqari barcha hududlarda (bir oz pasayish 2,8 foizga) ko‘chmas mulk bilan bog‘liq shartnomalar soni oshdi.

Rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalarining eng katta o‘sishi Xorazm (27,8 foiz), Navoiy (17 foiz), Jizzax (16,8 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda (17,2 foiz) qayd etildi.

Markaziy bankning fikricha, birlamchi va ikkilamchi bozorlarda taklifning barqaror hajmi va xaridorlarning barqaror faolligi, katta ehtimol bilan, shartnomalar sonining ko‘payishiga turtki bo‘ldi.

Bundan tashqari, sotishlarda yer bozori ulushi ortib borayotganini ham ko‘rish mumkin.

Ikkilamchi bozor

Birinchi chorakda ikkilamchi bozorda uy-joy narxi sezilarli darajada oshganidan so‘ng (10 foizga, valyutaning qadrsizlanishini hisobga olgan holda — 4,7 foizga), ikkinchi chorakda narxlar o‘sishi sekinlashdi va 2 foizni (dollar bilan — 6,2% gacha) tashkil etdi.

Ko‘chmas mulk narxlarining ancha yuqori darajasi va o‘rtacha narxlarning o‘sishi uchun ma’lum bir potensialga (chegara) erishish ehtimoli uy-joy narxining pasayishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deydi Markaziy bank tahlilchilari.

Birlamchi bozor

Foto: Ikkinchi chorakda birlamchi bozordagi narxlar (ming so‘mda)

Xuddi shunday holat birlamchi bozorda ham kuzatilmoqda. Ikkinchi chorakda narxlar 2,4 foizga oshdi. Asosiy o‘sish aprel oyida sodir bo‘ldi — 2,3%, may-iyun oylarida yangi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Narxlar o‘sishining sekinlashishi milliy valyuta kursining barqarorlashuvi fonida ham sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Narxlar uy-joylar eng arzon bo‘lgan Namangan (+26%), Sirdaryo (+23,9%) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (+22,3%) yuqori sur’atlarda o‘sdi. Ayni paytda birlamchi bozordagi eng arzon uylar Xorazm viloyatida, eng qimmati esa Toshkent shahrida joylashgan.