Prezident 12 iyul kuni «2022−2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan «Xavfsiz va ravon yo‘l umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Dasturga muvofiq, 5 yil ichida Toshkent shahrida jami 30 ta avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtab turish joylari tashkil etiladi. Shundan, 2022 yilda — 10 ta, 2023 yildan 2026 yilgacha har yili 5 tadan yo‘l chetlarida pullik avtostoyankalar bunyod etiladi.

2 fevralda qabul qilingan prezident [PQ-111-son] qarorida esa 1 noyabrga qadar 11 ta ko‘chada jami 10 ta yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tashkil etilishi belgilangandi.

Avtoturargohlar DXSH asosida birinchi bosqichda — «Fidokor», «Amir Temur», «Nukus», «Bratislava», «Mirobod», «Glinka», «Avliyoota», «Shevchenko», «Said Baraka», «Moshtabib» va «Yakub Kolas» ko‘chalarida joriy etilishi ko‘zda tutilgandi.

Qarorda shuningdek, 2 ta parkon (maxsus avtotransport), 2 ta evakuator va 57 ta parkomatlar xarid qilinishi qayd etilgandi.

Yo‘l bo‘yi «parkovka"larini tashkil etish rejalari haqida 2021 yilning martidayoq aytilgandi. O‘shanda to‘lovlar maxsus talon yoki shartnoma asosida naqd va plastik kartalar orqali amalga oshirilishi ta’kidlangandi. I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va maxsus avtomashinalar mazkur parkomatlardan bepul foydalana oladi.