2022 yilning birinchi yarmida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 7101 nafar fuqaro xorijga ishlash uchun jo‘natildi, deya xabar bermoqda davlat organi matbuot xizmati.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan to‘rt barobar kam — o‘shanda agentlik orqali 28,8 ming nafar ishchi xorijda ishga joylashtirilgan (2021 yilda — deyarli 108,6 ming kishi).

Rossiya fuqarolarni uyushgan holda yollash orqali ishga boradigan davlatlar orasida hamon yetakchi bo‘lib turibdi, biroq bu hajm yil davomida 5,6 barobarga — 22 092 dan 3906 taga kamaydi.

Qozog‘istonga tashkiliy ishga qabul qilish esa amalda to‘xtatildi (3354 tadan 53 taga kamaydi), ammo Koreya Respublikasida agentlik orqali ishga joylashish darajasi sezilarli darajada — 826 dan 2687 taga oshdi.

Bundan tashqari, Serbiya rasmiy mehnat migratsiyasining yangi joyiga aylandi — 410 kishi, shuningdek, Germaniya — 31 kishi.

Aprel oyida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti Rossiyadan pul o‘tkazmalari qisqarishi fonida O‘zbekistondan mehnat muhojirlari uchun yangi yo‘nalishlar bahosini taqdim etdi. Polsha, Bolgariya, Litva, Chexiya hamda boshqa Yevropa va Osiyo davlatlari migratsiyani rivojlantirish uchun jozibador yo‘nalishlar deb nomlandi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari O‘zbekiston uchun xorijiy valyutadagi eng muhim tushum va daromad manbai hisoblanadi (yalpi ichki mahsulotning 11,4 foizi).

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyada 1 milliondan sal ko‘proq mehnat muhojiri bo‘lgan. Bir mehnat muhojiri uchun oylik pul o‘tkazmalari miqdori 453 dollarni tashkil qilgan.

Iyun oyida Mehnat vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov murakkab geosiyosiy vaziyat fonida Rossiyadan O‘zbekistonga mehnat muhojirlarining ommaviy qaytishi kuzatilmaganining uchta omilini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik beruvchilar «bizning ishchi kuchimiz qadriga yetishdi».