7−17 iyul kunlari AQShning Alabama shtatida o‘tkazilayotgan Butunjahon o‘yinlarida o‘zbekistonlik atletlar bitta kumush va bir bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Karate bo‘yicha -75 kg vazn toifasida bellashgan Dostonbek Otabolayev guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi, biroq yarim finalda ukrainalik Stanislav Xorunaga imkoniyatni boy berdi. Shundan so‘ng, bronza medali uchun kechgan jangda amerikalik Tomas Skottni mag‘lubiyatga uchratib, uchinchi o‘rin sohibiga aylandi.

Dostonbek Otabolayev. Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Qizlar o‘rtasidagi ushu bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etgan Darya Latisheva esa O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga ikkinchi medalni yozdirib qo‘ydi. Latisheva taulu yo‘nalishidagi chiqishi bilan muxlislar va hakamlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Uning dasturi yakunda kumush medalga loyiq ko‘rildi.

MOQning ma’lum qilishicha, 15 iyul kuni o‘zbekistonlik sportchilardan Bahromjon Masharipov jiu-jitsu bo‘yicha, -91 kg vazn toifasida Fanat Qaxramonov muay-tay bo‘yicha bellashuvlarda medallar uchun kurash olib borishadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi Butunjahon o‘yinlarida to‘rt nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Har to‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladigan musobaqada 110 mamlakatdan 3 600 nafarga yaqin atletlar qatnashmoqda. 2021 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan turnir pandemiya sababli qoldirilgandi.