Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi arafasida Buxoroda birinchi o‘zbek-turkman hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ITSV matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda ikki mamlakat delegatsiyalariga O‘zbekiston tomonidan bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Turkmaniston tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Botir Atdayev rahbarlik qildi.

Sardor Umurzakov.

Delegatsiyalar tarkibidan ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy ma’muriyatlar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari joy oldi.

Tomonlar hududlararo aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan tashabbuslarni birgalikda rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, bu borada qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari va biznes missiyalarining muntazam o‘zaro tashriflarini tashkil qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, vazifalari hududlar o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini kashf etish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, ularni hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishdan iborat bo‘lgan doimiy ishchi guruhlar tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Forum ishtirokchilari investitsiyaviy, sanoat va savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika sanoati kabi eng istiqbolli yo‘nalishlarga e’tibor qaratdi.

Botir Atdayev.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan chegaraoldi savdo zonalarini foydalanishga topshirish, savdo uylarini ochish hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilarning «B2G» va «B2B» formatidagi uchrashuvlari hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Forum yakunida umumiy qiymati 451 million dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.