O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Farmon «konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojini undirish va ushbu litsenziyaga ega shaxslarni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish hamda san’atkorlar uchun qulay ijodiy muhit yaratish maqsadida» qabul qilingan.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilarning reyting guruhlari soni amaldagi 6 tadan 3 taga qisqartiriladi. Bunda, aholiga konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish huquqi ijrochilarning reyting guruhlari orasida quyidagicha taqsimlanadi:

a) I reyting guruhi ijrochilariga:

  • respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish;
  • II va III reyting guruhlari ijrochilari uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;

b) II reyting guruhi ijrochilariga:

  • bitta janrning ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida, turli janrlar yo‘nalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida qatnashish;
  • ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etish;
  • III reyting guruhi ijrochisi uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;

v) III reyting guruhi ijrochilariga:

  • to‘y, yubiley hamda boshqa marosim va tantanalarda, jumladan, to‘yxona, restoran, hordiq chiqarish tashkilotlari (klub, diskoteka, bar va qahvaxona) va xususiy uylarda konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish;
  • sozanda va raqqos (a)lar tomonidan bitta janrning ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturlarini tashkil etish va ularda qatnashish.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojini undirish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi:

a) davlat boji stavkalari pasaytiriladi va quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • I reyting guruhi uchun BHMning 20 baravari miqdorida;
  • II reyting guruhi uchun BHMning 10 baravari miqdorida;
  • III reyting guruhi uchun BHMning 3 baravari miqdorida;

b) quyidagi san’atkorlar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi:

  • yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar — o‘qish muddati davomida;

v) yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya bo‘yicha undiriladi. Bunda:

  • litsenziyada ijodiy jamoa a’zolari to‘liq ko‘rsatiladi va ulardan litsenziya uchun davlat boji qo‘shimcha ravishda undirilmaydi, ijodiy jamoa a’zosi mustaqil ijrochi sifatida ijod qilgan hollar bundan mustasno;
  • ijodiy jamoa uning barcha a’zolari davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan shaxslardan tarkib topgan taqdirdagina davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab xonandalardan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qolgan ijrochilardan daromad solig‘i faqat deklaratsiya asosida undiriladi. Qolaversa, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdorda to‘lash huquqini beriladi.

Deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdorda daromad solig‘ini to‘lash huquqi xonandalarga 2024 yil 1 yanvarga qadar, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi boshqa jismoniy shaxslarga 2026 yil 1 yanvarga qadar beriladi.

O‘z navbatida, deklaratsiya asosida soliq to‘lashni tanlagan ijrochilar uchun:

  • yillik umumiy daromadning 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi;
  • tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromadning 30 foizidan oshgan taqdirda qo‘shimcha ravishda ushbu daromadning 10 foizi miqdori chegiriladi;
  • litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi;

Shuningdek, qat’iy belgilangan miqdordagi soliq to‘lashni tanlagan ijrochilardan daromad solig‘i bir yilda bir marta quyidagi miqdorlarda undiriladi:

  • I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 mln so‘m miqdorida;
  • II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 mln so‘m miqdorida;
  • III reyting guruhi ijrochilaridan 1,0 mln so‘m miqdorida.

2024 yil 1 yanvarga qadar III reyting guruhi ijrochilari qat’iy belgilangan miqdordagi soliq to‘lashdan ozod etiladi.

2025 yil 1 yanvarga qadar konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar mehnat shartnomasi asosida band bo‘lmagan taqdirda, ulardan konsert-tomosha faoliyati bo‘yicha ijtimoiy soliq bir yilda BHMning bir baravari miqdorida undiriladi.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarning yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishdan olgan daromadlaridan, ular tomonidan tanlangan soliq rejimidan qat’i nazar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lov manbaida ushlab qolinadi.

Bundan tashqari, yuridik shaxs tashkil etgan holda konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijodiy jamoalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni yuridik shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda to‘laydi.

Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat boji to‘lovi litsenziya olgan yilda amaldagi tartib bo‘yicha, keyingi yillardan boshlab esa quyidagi tartibda taqsimlanadi:

  • 30 foizi — davlat budjetiga;
  • 0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
  • qolgan mablag‘lar — litsenziyalovchi vakolatli organ hisobvarag‘iga.

Hujjat bilan DSQ va Madaniyat vazirligi uch oy muddatda Soliq mobil ilovasida litsenziya asosida konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning daromad va xarajatlarini kunlik asosda onlayn yuritish imkoniyatini yaratishi yuklatildi.

Bunda, Soliq mobil ilovasini mazkur band talablari asosida takomillashtirish xarajatlari DSQning budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

2022 yilda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va xodimlarini rag‘batlantirish uchun Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.