Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasi to‘liq rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Bu 13 iyul kuni poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzolagan qarorda qayd etilgan.

«Grand Mir Hotel» mehmonxonasidan Yangi Sergeli ko‘chasiga qadar — 6,5 km yo‘l qismini to‘liq rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, drenaj va sug‘orish tizimi, yo‘l bo‘yida piyodalar va velospedchilar yo‘laklarini barpo etish rejalashtirilgan.

Yandeks xarita.

Loyihalash va qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» kompaniyasi tanlangan. Unga bosh loyihachi va pudrat tashkilotini o‘rnatilgan tartibda belgilash vazifasi yuklatilgan.

Shota Rustaveli ko‘chasi — Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri hisoblanadi. U butun shahardan o‘tadi va yo‘l davomida Shahrisabz, Navoiy (hozirda rekonstruksiya qilinmoqda) va Beruniy ko‘chalari bilan ulanib ketadi. Mazkur ko‘chadan tramvay liniyasi olib tashlangach, qatnov qismi har bir tomonda 4−6tagacha yo‘laklarga ajratilgandi.

Estalib o‘tamiz, may oyi oxirlarida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Gruziyaning O‘zbekistondagi elchisi Zurab Abdushelishvili bilan uchrashuvda Shota Rustaveli haykali atrofidagi xiyobonni rekonstruksiya qilishga kelishib olgandi.