Iyun-iyul oylarida Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zneftgazinspeksiya» iste’molchilarga yetkazib berilayotgan neft mahsulotlarini sifat va miqdor jihatidan amaldagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi bo‘yicha navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Unda neft mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi 44 ta xususiy korxonalarga qarashli AYOQSHlarda umumiy miqdori 108 ming litr neft mahsulotlari bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, AYOQSHlarda saqlanayotgan neft mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida tahlil etilganida 34 ming litr mahsulot sifatsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Qolaversa, 60 ming litr kamomad, 15 ming litr ortiqchaligi va 299 litr asossiz hisobdan chiqarish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi fosh etildi.

Bundan tashqari, 10 ta holatda iste’molchilar haqidan har 10 litrda 30 millilitrdan 750 millilitrgacha kam quyib berilayotganligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tadbir davomida AYOQSHlarda 70 ga yaqin texnik va metrologik kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

Respublika bo‘yicha aniqlangan qonun buzilish holatlarining asosiy qismi Namangan viloyati (55,4 ming litr), Farg‘ona viloyati (27 ming litr), Sirdaryo viloyati (14,2 ming litr), Surxondaryo viloyati (4,2 ming litr), Qashqadaryo viloyat (2,7 ming litr) lariga to‘g‘ri kelmoqda.

Aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.