Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekistonda 9 ta yangi muzey tashkil etiladi, ulardan 7 tasi Samarqanddagi «Muzeylar kvadrati»da joylashadi. Bu haqda bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligi Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyati hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand shahrida «Muzeylar kvadrati» faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, «Buyuk ipak yo‘li — O‘zbekiston va Xitoyning oltin merosi» ko‘rgazmasi, «Samarqand — O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari madaniyatlari tutashuvi» ko‘rgazmasi, «Klassitsizm» muzeyi, Tarixiy fotosuratlar muzeyi, Zargarlik san’ati muzeyi, Badiiy ko‘rgazmalar zali, «Samarqand» davlat muzey-qo‘riqxonasining filiallari sifatida an’anaviy liboslar muzeylari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi filiali sifatida Zamonaviy san’at muzeyi hamda Urganch shahrida O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyining filiali sifatida Lazgi muzeyi tashkil etiladi.

Qarordan ko‘zlangan maqsad mamlakat muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy hamda madaniy merosni zamonaviy san’at platformasida targ‘ib qilishdir, dedi bosh vazir o‘rinbosari.