Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti seshanba kuni omikron shtammining o‘ta yuqumli kenja turlari — BA.4 va BA.5 tarqalishi tufayli dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanish holatlari soni, shuningdek, kasalxonaga yotqizish va o‘lim ko‘rsatkichlari ortib borayotganini ma’lum qildi. Avvalroq, iyun oxiri — iyul boshlarida kasallanish 30 foizga oshgani aytilgan edi.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus hukumatlarni o‘zgaruvchan epidemiologik vaziyatga moslashuvchanroq munosabatda bo‘lishga va virus tarqalishining oldini olish uchun faol harakat qilishga chaqirdi.

JSSTning virus tarqalishini kamaytirish uchun shaxsiy himoya choralarini qo‘llash bo‘yicha yangilangan vaqtinchalik yo‘riqnomasi:

  • yaxshi o‘rnashadigan niqoblar taqish;
  • masofa saqlash;
  • kasallik vaqtida aloqa qilmaslik uchun ko‘chaga chiqishni istisno qilish;
  • havo yaxshi aylanmaydigan xonalar va gavjum joylardan qochish;
  • tez-tez qo‘l yuvish.

Shuningdek, ommaviy tadbirlar bo‘yicha qaror qabul qilishda xavflarni baholash tavsiya etiladi.

Boshqa tavsiyalar mamlakatlarning strategik tayyorgarligi va javob choralari rejalarini kuchaytirish hamda belgilangan vaksinatsiya ko‘rsatkichlariga erishilishini ta’minlash bilan bog‘liq.

JSST SARS-CoV-2 virusli infeksiyasi evolyutsiyasini oldindan aytib bo‘lmasligi, u odamlar hamda uy, qishloq va yovvoyi hayvonlarda uzluksiz yuqish orqali rivojlanishda davom etishini ma’lum qildi. Tashkilotning qayd etishicha, butun dunyo bo‘ylab testlar sonining qisqarishi virus rivojlanishi va kasal bo‘lganlar salomatligi uchun oqibatlarini yetarlicha o‘rganishga imkon bermaydi.