O‘zbekiston Madaniy meros agentligi 14 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Xo‘jakenttepa shahristoni» arxeologiya yodgorligi hududida noqonuniy ravishda dacha qurilgani haqidagi videoga izoh berdi.

1 aprel kuni Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi vakillari tomonidan mazkur arxeologiya yodgorligi hududida tegishli ruxsatnomasiz qurilish ishlari amalga oshirilayotgani aniqlangan.

Holat yuzasidan boshqarma mutaxassislari tomonidan shu kunning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorga qurilish ishlarini to‘xtatish haqida ko‘rsatma va ogohlantirish xatlari berilgan.

Shuningdek, to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim etilgan. Bugungi kunda Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergovoldi harakatlari amalga oshirilmoqda.

Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFYda joylashgan «Xo‘jakenttepa shahristoni» arxeologiya yodgorligi IX-XII asrlarga oid bo‘lib, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi 846-sonli qarori bilan milliy ro‘yxatdan joy olgan.