O‘zbekistondagi avtotransport vositalari harakatlanauvchi barcha — 50 dan ziyod chegara bojxona postlarida elektron navbatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 14 iyul kuni Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda aytildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Kabulov jurnalistlarga bergan intervyusida elektron xizmatlar asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashuvchi avtomobillar uchun mo‘ljallanganini ta’kidladi.

“Elektron navbatlar loyihasi yaqin kunlarda yakuniga yetib, ishga tushadi. Bu birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ortgan avtomobillar uchun mo‘ljallangan. Chunki bunday mahsulotlar tez buziluvchan bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashuvchi transport vositasi oldindan bizning saytimiz orqali bojxona yuk deklaratsiyasi raqamini kiritadi. Agar deklaratsiyada haqiqatan qishloq xo‘jaligi mahsuloti va o‘sha taronsport qayd etilgan bo‘lsa, haydovchi o‘ziga navbat olishi mumkin”, — dedi Rustam Kabulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi navbatga yozilish uchun postga kelishi shart emas, xohlagan joyidan turib, qo‘lidagi telefoni orqali ham bu ishni amalga oshirsa bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, har yarim soatda bitta qishloq xo‘jaligi mahsulotini ortgan mashinaga elektron navbat beriladi. Maqsad — bunday transport voistasini postga kelganida navbat kuttirmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelishini yo‘lga qo‘yish.

“Yana bir masala borki, boshqa turdagi mahsulotlarni tashuvchi haydovchilar buni to‘g‘ri tushunishi kerak. Xalqaro avtomobil tashuvchilar va Eksportchilar uyushmalari rahbariyati bilan birga shu loyihani haydovchilarga to‘g‘ri tushuntirish ishlarini olib boramiz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotini o‘z manziliga tezkor yetib borishini ta’minlash asosiy maqsadlarimizdan biri”, — dedi qo‘mita vakili.

Rustam Kabulov yuk tashuvchi transportlarning 10−15 foizi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bilan shug‘ullanishini qo‘shimcha qildi.