Hukumatning 8 iyuldagi [377-sonli] qarori bilan Yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida «yashil» va «qizil» yo‘lak tamoyili asosida harakatlanish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Nizomga ko‘ra, transportlar harakati foto va video qayd etish qurilmalari orqali belgilab boriladi. Haydovchilar harakati yorug‘lik diodli ekran orqali ishora berish yo‘li bilan tartibga solinadi.

Ekranda aks ettirilmagan yoki «yashil» yo‘lak bo‘ylab harakatlanish haqida ishora berilgan transportlar «Yashil» yo‘lak bo‘ylab to‘siqsiz harakatlanadi.

«Qizil» yo‘lakdan harakatlanishi buyurilgan transport vositalari bo‘yicha harakat qatnashchilarining hujjatlari elektron ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda tekshiriladi. Agar ularda ma’lum qarzdorlik aniqlansa, postdagi bank terminali orqali to‘lov amalga oshirilganidan so‘ng, ularning harakatini davom ettirishiga ruxsat beriladi.

Qarzdorlik to‘lanmagan hollarda transport vositalari maxsus to‘xtash joylariga joylashtiriladi.

«Gazeta.uz»ga Adliya vazirligi matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, mazkur qaror bugun, 13 iyul kunidan boshlab kuchga kiradi.

Qarzdorlik aniqlangan transport vositalariga quyidagi hollarda harakatni davom ettirishga ruxsat beriladi:

  • Transport to‘xtatilgan vaqtdan e’tiboran ko‘pi bilan 30 daqiqa ichida qarzdorlikka oid batafsil ma’lumot olish imkoniyati bo‘lmasa yohud postlarda tashkil etilgan bank terminallari ishlamayotgan yoki aniqlangan qarzdorlik bo‘yicha to‘lovni qonun hujjatlarida belgilangan boshqacha tartibda amalga oshirish imkoniyati bo‘lmasa;
  • aniqlangan qarzdorliklarga asos bo‘lgan qoidabuzarliklar yuzasidan sudga murojaat qilingan yoki ish sudda ko‘rilayotgan hollarda (bundan sudning qarori qonuniy kuchga kirgan hollar mustasno);
  • transport vositasida shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj shaxs bo‘lganda;
  • favqulodda vaziyatlar (tabiiy ofat, texnogen halokat, yong‘in)dan yuk yoki odamlarni tashish hollarda;
  • transport vositasi marhumni tashish uchun foydalanilayotgan yoki dafn maromisida ishtirok etayotgan hollarda.

YPX postlari ro‘yxati: