Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
O‘zbek taksisi paraplanda uchishdan xavfliroq
Chorvoq paradromi dunyoda paraplanda uchish oson bo‘lgan kam sonli joylardan biridir. Parvoz qilish istagidagilarga bu baxtni o‘zbek paraplanerizmi kashshofi Vyacheslav Chesenko tortiq etmoqda. “Gazeta.uz” undan shogirdlari, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar, o‘zbek paraplanerizmi tarixi va rivojlanishi haqida so‘radi.
Chorvoq paradromi dunyoda paraplanda uchish oson bo‘lgan kam sonli joylardan biridir. Parvoz qilish istagidagilarga bu baxtni o‘zbek paraplanerizmi kashshofi Vyacheslav Chesenko tortiq etmoqda. “Gazeta.uz” undan shogirdlari, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar, o‘zbek paraplanerizmi tarixi va rivojlanishi haqida so‘radi.
Toshkentdan 70 km uzoqlikdagi tik qoya tepasida bir necha kishining sharpalari miltillaydi. Ular bu yerga ertalabdan yig‘ilib, shamolni kutishmoqda. Kimlardir maysa ustida o‘tirib, lochinning o‘t-o‘lan orasidan o‘lja ovlashga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishlarini hayajon bilan muhokama qilsa, boshqalar Chorvoq suv omborining moviy to‘lqinlarini tomosha qilmoqda.

Yo‘lning narigi tomonidagi tog‘da oppoq shamol generatori quyoshda porlaydi. Yig‘ilganlar vaqti-vaqti bilan uning parraklariga qarashadi: hamma uskunaning to‘g‘on tomon aylanishini kutmoqda. O‘shanda uchish mumkin bo‘ladi. Kutish to‘rt soatlar davom etdi.
Chorvoq paradromi to‘g‘ondan Yusufxona qishlog‘i tomon olib boruvchi yo‘l bo‘yida joylashgan bo‘lib, O‘zbekistonda paraplanda uchish uchun eng qulay maydon hisoblanadi. Bu yerga mashinada borish, ob-havo imkon bersa, o‘zingizni qushdek his qilishingiz va shaharga qaytishingiz mumkin. Instruktor-paraplanchilarning aytishicha, ayrimlar ob-havo yomonligi sababli besh-olti marta kelib, quruq qaytib ketishadi.

Instruktorlardan biri Vyacheslav Chesenko 25 yildan beri paraplanda uchish bilan shug‘ullanadi. Hazil qilibmi yoki jiddiymi, u koinotga uchishni xohlaganini, biroq orbital sayohat uchun pul topa olmagani uchun paraplanchilikni tanlaganini aytadi.
Вячеслав Чесенко
Vyacheslav yoshligida o‘zini turli sohalarda sinab ko‘rgan: o‘q otish bilan shug‘ullangan, Benkov maktabida grafikani o‘qigan, parashyut bilan sakragan. Ammo bularning barchasidan tezda zerikadi va o‘smir sekin-asta paraplanchilikka o‘tib ketadi. Mana, o‘n yillardir u osmon bag‘rida.

O‘sha yillarda, Vyacheslav Chesenkoning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda paraplan endigina rivojlana boshlagan edi. Hech qanday maktablar yo‘q edi. Yoshlar o‘zlarini xatarga qo‘yib, xatolar qilib bo‘lsa ham tajriba orttirishlariga to‘g‘ri kelardi. Parvozlar qishda chang‘ida amalga oshirilardi. Birinchi paraplanlar tog‘lardan tushish uchun mo‘ljallangan va kichik o‘lchamlari tufayli parashyutlarga o‘xshardi. Alpinist va sportchilar tez va xavfsiz holda pastga tushish uchun paraplanlardan foydalanishardi. Uskunalar ibtidoiy, parvoz esa qisqa va mashaqqatli kechardi.

“U paraplanlar shunchaki pastga sho‘ng‘ish uchun xizmat qilardi. Va biz o‘shanda hozirgidan ko‘ra baxtliroq edik, chunki parvoz 20-30 soniya davom etardi! — deb eslaydi instruktor. — Hozir esa takomillashgan uskunalar yordamida soatlab uchishingiz mumkin”.
Bugun paraplanchilar Aeronavtika federatsiyasi va O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi qoshidagi klub aʼzolari hisoblanadi. Biroq bir necha yil oldin parvozlar vaqtincha taqiqlangan edi. Chet ellik sayyohlar litsenziyasiz va ruxsatsiz baʼzan taqiqni chetlab o‘tishar, biroq parvozlar har doim ham omadli yakunlanmas edi.

“Bizning sport turimizga va uning bu yerda rivojlanishiga sayyohlarning hech qanday aloqasi yo‘q edi. Axir biz O‘zbekistonda yashaymiz: yuqoridan “tekshirish” topshirig‘i kelsa, bu “yopish” degani. Mayli, bir muddatga yopishdi, keyin biz barcha hujjatlarni qayta tiklashimizga to‘g‘ri keldi. Hozir hammasi juda jiddiy — parvozlar rasman ro‘yxatga olingan. Biz har kuni uchish uchun barcha idoralarga: [Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Mudofaa vazirligining Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Prezident xavfsizlik xizmati] ariza topshiramiz”, — deydi Vyacheslav Chesenko.
реклама
реклама
Bugungi kunda paraplanda uchish ancha osonlashdi — uskunalar takomillashmoqda, endi boshlayotganlarga hammasini noldan uchishni o‘rgatadigan maktab mavjud. O‘zbekistonda nafaqat mahalliy aholi, balki Ispaniya, Qozog‘iston va Rossiyadan tashrif buyuruvchilar ham o‘qish istagida.
O‘qish uzoq yillar davom etishi mumkin. Uchuvchi har doim o‘z mahoratini oshirib borishi kerak, deb tushuntiradi instruktor. Boshqa mamlakatga kelganda, kishi yangi o‘rganilmagan hududlardan boshlar ekan, turli xil ob-havo sharoitlariga tushib qoladi va yangi jihatlarga to‘qnash keladi. U nazariy va amaliy jihatdan ushbu parvoz sharoitlariga tayyorlanishi kerak.

“25 yillik parvozdan keyin ham har kuni o‘rganyapman, chunki parvozlar bir xil bo‘lmaydi”, — deydi Vyacheslav.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tajriba orttirish uchun o‘rtacha bir yoki ikki yil kerak bo‘ladi. Paraplanda uchish maktabi asosiy ko‘nikmalarni o‘rgatadi. O‘qish uch bosqichga bo‘linadi. Birinchisi — tepaliklarda haftalik mashg‘ulotlar.
реклама
реклама
Chorvoq paradromi rejali mashg‘ulot joyi sifatida rasman ro‘yxatga olingan, deya davom etadi Vyacheslav Chesenko. Bu yer yetarlicha xavfsiz, chunki shamol har tomondan esadi. Keyin darslar Katta Chimyonda o‘tkaziladi. U yerda esa o‘quvchilar tog‘larda uzoq muddatli parvozlarni, balandlikni egallash, marshrutlarni o‘zlashtiradi.

Maktab bitiruvchisi boshlang‘ich darajadagi planer uchuvchisi guvohnomasini oladi va bu unga havoda uchish uchun arizasi bo‘lganda O‘zbekiston hududida uchish huquqini beradi. Musobaqalarda qatnashish, yangi tajriba orttirish va maʼlum parvoz ko‘rsatkichlariga erishish orqali uchuvchi dunyoning istalgan mamlakatida parvoz qilish imkonini beruvchi xalqaro litsenziyaga ega bo‘ladi.

“Biz o‘z tajribamizni talabalarimiz bilan deyarli manfaatsiz baham ko‘ramiz, — deb qo‘shimcha qiladi instruktor. — Haqiqatan ham o‘rganishni istagan odam boshlang‘ich kursni oladi. Ha, bu ozgina mablag‘ talab qiladi, lekin bu shunchaki ramziy miqdor. Uskunalar instruktor tomonidan taqdim etiladi. Kelajakda buni qilishni istagan har qanday uchuvchi o‘z jihozlarini oladi. Professional uchuvchilar unga har tomonlama yordam berishadi”.
Paraplanda uchish arzonga tushadigan vaqtichog‘lik emasligi sababli, odamlar unga qo‘shilavermaydi. Yiliga taxminan 10 kishi qo‘shiladi — bu kam, deydi Vyacheslav. Taqqoslash uchun u Qozog‘istonni keltirib o‘tadi, u yerda ikki maktabda 1000 dan ortiq uchuvchi ro‘yxatga olingan. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ularning soni 50 dan sal ko‘proq, ammo Vyacheslavning so‘zlariga ko‘ra, ularning hammasi ham parvoz qilavermaydi. Boshqa mamlakatlardan tashrif buyuruvchilarni hisobga olmaganda, bir mavsumda o‘rtacha 25-30 kishi parvoz qiladi.

“Eng katta qiyinchilik — ushbu sport bilan shug‘ullanish uchun kerakli miqdorda vaqt topish. Qandaydir o‘z biznesingiz bo‘lsa yaxshi, chunki paraplanda uchish juda ko‘p vaqt talab etadi. Uskunalar ham cho‘ntakka mos kelavermaydi, qanot o‘rtacha 3-4 ming yevro turadi, taxminan 300-400 soatlik parvoz uchun yetarli. Keyin u texnik jihatdan yaroqsiz holga keladi — matosi buziladi”.

Instruktorning aytishicha, bugungi kunda barcha paraplanchilar parvozlar xavfsizligini maksimal darajada taʼminlaydigan zamonaviy jihozlar bilan parvoz qilmoqda.
“Bizga Janubiy Koreya, Germaniya va Shveysariya ishlab chiqaruvchilarining uskunalarini olib keladigan dilerlarimiz bor. Bu O‘zbekiston uchun dunyoning boshqa joylariga qaraganda ancha arzonga tushadi, chunki mamlakatimiz sportning ushbu turi rivojlanmagan davlat sanaladi”.

Paraplanda uchish ekstremal sport turlariga kiradi, ammo chorak asr davomida Vyacheslav biror marta ham jiddiy jarohat olmagan.

“Bizda tez-tez kichik hodisalar bo‘lib turadi, lekin ularni favqulodda vaziyat deb atash qiyin, chunki bularning barchasi velosipedda yoki o‘zbek taksisida yurish kabi xavfli. Menimcha, taksida yurish paraplanda uchishdan ko‘ra xavfliroq bo‘lsa kerak”, — deydi instruktor.
Paraplanchilarning kuni har xil o‘tadi. Umuman olganda, quyosh chiqishidan botgunga qadar uchish mumkin. Biroq parvozlarning davomiyligi va uchuvchilar jadvali deyarli har doim kimdir tomonidan emas, balki ob-havoga qarab belgilanadi. Biroq shamol yoki yomg‘irning yo‘qligi mahalliy instruktorlarni tushkunlikka tushirib qo‘ymaydi.
реклама
реклама
“Ob-havo bizni doim xursand qiladi, hatto yomg‘ir yog‘sa ham. Shunchaki, o‘sha paytda parvoz qilib bo‘lmaydi. Lekin ob-havo har doim bizni xursand qiladi. Umuman olganda, quyosh isitib turgan va yuqoriga yo‘nalgan termik oqimlar bo‘lgan paytda uchish mumkin bo‘ladi — bu oddiy fizika. Bizda, O‘zbekistonda bahorda soat 10:00 da havoga ko‘tarilib, 18-19:00 lar atrofida qo‘nish mumkin, yozda esa soat 8 larda”.
Chorvoqda birinchi qor yog‘ishi bilan havo sovuqlashib, parvoz qilish noqulay bo‘ladi. Paraplanda uchish mavsumi kech kuzda yopiladi. Bu vaqtga kelib uchuvchilar janubiy kengliklarga o‘tishadi.

“Axir o‘zbekistonlikmiz-ku, iliqlikni yaxshi ko‘ramiz, shuning uchun qishda quyosh tomon talpinamiz. Oxirgi 7 yil davomida Hindiston janubida, Goada ishladim. Kimdir Turkiyada, kimdir Amirliklarda ishlaydi. Biz yil davomida qushlar kabi iqlim zonalarini o‘zgartirgan holda uchamiz”.
Vyacheslav Hindistonni ob-havo sharoiti O‘zbekiston bilan o‘xshashligi uchun tanlagan. U yerda harorat 20-23 daraja atrofida bo‘ladi. Taqqoslash uchun, Goadagi uchirish maydoni taxminan Chorvoq paradromi bilan bir xil balandlikda — dengiz sathidan 100-150 metr balandlikda joylashgan.

“U yerda okean, palma daraxtlari, qoyalar bor. Bu yerda – daraxtlar, yumshoqroq, qulayroq, – deb sanab o‘tadi Vyacheslov Chesenko. – Men Hindistonni, uning hidini juda yaxshi ko‘raman. Tuyg‘ularni junbushga keltiradi. O‘zbekistonda xalqimiz behad mehribon: ular bilan suhbatlashish yoqimli, qisqa vaqt ichida do‘stlashmasa ham, o‘rtoq bo‘lib qolish mumkin. Boshqa mamlakatlarda bu kamdan-kam uchraydi. Men hozir oddiy odamlar haqida gapiryapman, uchuvchilar haqida emas. Uchuvchi, albatta, hamma joyda boshqa uchuvchiga yordam beradi”.

Vyacheslav O‘zbekiston va Hindistondan tashqari Malayziya, Nepalda ham uchgan, Yevropa, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada ham bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada parvozlar asosan “lebyodka” (paraplanchini mashina yordamida tortib, yuqoriga olib chiqish – tarj.) orqali amalga oshiriladi – bu uchishning mutlaqo boshqa turi. Uning yordami bilan uchuvchi 150-300 metr balandlikka tortiladi va o‘sha yerdan uchuvchi start oladi.
реклама
реклама
“Uralda, Sibirda, tog‘larda uchishadi. Ammo ularda sharoitlar juda og‘ir, chunki u yerlar sovuq, harorat o‘zgarishi katta, kuchli shamol esadi. Ularga nisbatan bizning sharoitlar ancha yumshoq. Bu yerda qulay va xavfsiz”.

Vyacheslav uchun eng esda qolarli parvozlardan biri 2012-yilda Nepalda o‘tkazilgan musobaqa bo‘ldi. O‘shanda u o‘rtog‘i Rustem Jamilev bilan birgalikda uchdi. 500-600 metr balandlikda bulutlar uzra parvoz qildi. Hammasi juda chiroyli, ammo xavfli va shuning uchun esda qolarli edi. Vyacheslav Chesenko uchun ushbu parvoz davomiyligi bo‘yicha rekord ko‘rsatkich bo‘ldi: besh soatdan ko‘proq vaqt ichida u sherigi bilan 100 km dan ortiq masofani bosib o‘tdi.

“300 nafar uchuvchi orasida biz ikkinchi o‘rinni egalladik. Birinchi o‘rinni ham olgan bo‘lardik, lekin odatda tadbirni o‘tkazgan davlat sovrinli o‘rinni egallaydi”, — deya xulosa qiladi u.

O‘zbekistonda musobaqalar bir yo‘nalish bo‘yicha – qo‘nishning aniqligi bo‘yicha o‘tkaziladi, deydi Vyacheslav Chesenko. TrebisovSKY Paragliding Accuracy Cup bunday musobaqalarda bir necha bor o‘zini ko‘rsatgan marhum Kostyaga bag‘ishlangan.
Konstantin 2015-yilda Hindistonda musobaqada qatnashayotganda halokatga uchragan professional paraplanchi edi. Sportchi murakkab ob-havo sharoitlariga tushib qoldi, zaxiradagi parashyutni ochdi va daraxtga qo‘ndi, deb eslaydi Vyacheslav. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindistondagi daraxtlar baland — ko‘pincha 30 metrdan oshadi. Yerga tushayotgan Konstantin hayot uchun xavfli jarohat oldi. Sportchi hatto 25 yoshga ham kirmagan edi.

Konstantin Trebisovskiy xotirasiga bag‘ishlangan musobaqalarni o‘tkazishni boshlash g‘oyasi jamoaviy tug‘ildi — uzoq o‘ylab o‘tirishmadi.

“U biz uchun mashhur inson, do‘stimiz edi. Uni nafaqat bizning uchuvchilar tanishardi, u Qozog‘iston va Rossiyada ham taniqli edi. Juda kirishimli edi”.

TrebisovSKY Paragliding Accuracy Cup 2016-yildan buyon anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda, faqat 2020-yilda lokdaun sababli bekor qilishga to‘g‘ri keldi. Musobaqalar Toshkent viloyatining Bolg‘ali posyolkasida 150 metrlar balandlikdagi qoyalarda o‘tkaziladi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va boshqa davlatlardan ishtirokchilar yig‘ilishadi. Tog‘ etagiga balandlikdan to‘g‘ri uchib tushish kerak bo‘lgan nishon joylashtiriladi. Hakamlar quyida turishadi, paraplanchiga ob-havo sharoitlaridan kelib chiqqan holda 5-6 ta urinish beriladi. Bellashuvlarda o‘rtacha 30-50 kishi qatnashadi.

Yaxshiyamki, paraplanda uchishni bilmaydiganlar uchun ham parvoz qilish imkoniyati mavjud. Uzoq yillik mashg‘ulotlardan o‘tish va hayotingizni paraplanga bag‘ishlashni xohlamasangiz, instruktor bilan tandemda uchishingiz mumkin. Xohlovchilar uchuvchilardan biri bilan vaqtni oldindan kelishib olishlari, parvoz haqini to‘lashlari va belgilangan vaqtda paradromga kelishlari kerak.
“Chorvoq paradromi — dunyoda mashinada yetib borish, uchib olib, ketish mumkin bo‘lgan kam sonli joylardan biridir. Garchi ko‘plab mamlakatlarda uchgan bo‘lsak ham, bunday joylarni deyarli bilmayman. Hamma joyda odamlarni tog‘ga olib chiqish kerak bo‘ladi. U yerda yig‘ilib, vodiyga tushiladi. Bu qo‘shimcha noqulaylik va ko‘p vaqt talab etadi. Bizda esa kelamiz, uchamiz, tomosha qilamiz, zavqlanamiz va qaytib ketamiz. Bu juda zo‘r”.
Paraplanchilar bilan bog‘lanish
Instruktorning ishonch bildirishicha, parvoz paytida barcha odamlarga xos bo‘lgan balandlikdan qo‘rqish yo‘lovchilarda yo‘qoladi. Qo‘rquv havoda ham yo‘qolmaganida edi, juda kam odamlar uchardi xolos.

“Odamlarda qo‘rquv o‘z oldilariga 5 yoki 9 qavat ko‘rinishidagi biron bir to‘siqni qo‘yganlarida paydo bo‘ladi. Parvoz paytida hech qanday mo‘ljallar bo‘lmaydi. Havoga ko‘tarilgandan keyin bu qo‘rquv yo‘qoladi. Bu paradoks, lekin bor narsa. O‘rindiqqa o‘tirgan odam o‘zini xavfsiz his qiladi va balandlikni sezmaydi”.
Vyacheslavning so‘zlariga ko‘ra, jamoa hatto nogiron yo‘lovchilarni ham uchirib turadi. Zamonaviy asbob-uskunalar qo‘l-oyoqlari amputatsiya qilingan odamlarga ham parvoz qilish imkonini beradi. Baʼzida paraplanchilar maxsus yo‘lovchilar uchun aksiyalar o‘tkazadilar.

“Adashmasam, o‘tgan yil edi. Bir kishi qiyalikdan pastga tushmoqda. Xotini uni qo‘lidan yetaklayapti. Juda xarob kiyingan. Moliyaviy imkoniyatlari cheklangan odamlar ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Va qo‘lida uchish uchun deb to‘plagan pullarini ushlab turardi. Men unga: “Axir siz ko‘rmaysiz-ku” — dedim. U esa shunday deb javob berdi: “Men faqat sharpalarni ko‘raman, lekin rostdan ham uchishni xohlayman”. Ular uchish hissini boshdan kechirishadi. Erkak baxtli — xohlagan narsasiga erishdi. Bunday odamlarni tekinga uchirishimiz aniq. Bu biz uchun ham yaxshi: karmaga bir qo‘shimcha, deyishadi-ku”.

Birgalikda uchish professional instruktorlar uchun asosiy daromad emas. Har bir jamoa aʼzosining daromad keltiradigan va sevimli sport bilan shug‘ullanishiga imkon yaratidagn o‘z biznesi bor.

“Biz har bir yo‘lovchi ortidan chopavermaymiz — bu bizga kerak emas. Agar odamlar xohlasa, biz ushbu xizmatni taqdim etamiz. Mening shaxsiy biznesim bor, shuning uchun [paraplanda] uchishni daromad manbai deb hisoblamayman. Bu yerda ishlab topishimiz mumkin bo‘lgan qandaydir mablag‘lar dunyoning boshqa mamlakatlariga sayohat qilishimizga, jumladan, hech kim pul to‘lamaydigan musobaqalarga sarflanadi. Yiliga ikki-uch safarga, o‘zimizni ko‘rsatishga, boshqalarni kuzatishga bu pullar yetadi”.
Vyacheslav Toshkentga kamdan-kam keladi. Mish-mishlarga qaraganda O‘rikzorda tuz arzon ekan, lekin tuz yemayman, shuning uchun u poytaxtga bormayman, deb hazillashadi. Asl sabab shahar shovqini, havosining iflosligi va changda.

Chorak asr davomida osmon Vyacheslavni charchatmadi. Aksincha, paraplanchilar shamolni kutishdan ko‘proq charchagan. Havo mutlaqo sokin kunlarda sportchilar qo‘ziqorin terish, baliq ovlash, tog‘larda sayr qilish bilan shug‘ullanishadi — ular tog‘larni yaxshi ko‘radi va har bir so‘qmoqni yoddan bilishadi.

“Tog‘larning nimasini yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘rayman men.

“Tog‘larning nimasi menga yoqadi? 35 yil davomida men tog‘larning o‘sishini kuzatishni juda yaxshi ko‘raman, men faqat shu bilan mashg‘ulman. Men kun bo‘yi tog‘larning o‘sishini kuzataman va undan dahshatli darajada zavq olaman!”

“Xo‘sh, ular qanchalik o‘sdi?”

“O‘syapti! — deb kuladi Vyacheslav Chesenko. — O‘syapti, buni payqash kerak”.
Matn muallifi Yelena Kim.
Fotosuratchi Madina Aʼzam.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting