Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Bosh prokuratura hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida olib borilgan o‘rganish ishlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

O‘rganishda muzeyda saqlanayotgan umumiy bahosi 2,5 mlrd so‘mlik 70 ta noyob eksponat (ulardan 56 tasi rangtasvir asarlari) qalbakilashtirilgani, muzeyni kapital ta’mirlash uchun budjetdan ajratilgan 3,1 mlrd so‘m mablag‘ning 1,4 mlrd so‘mi mansabdor shaxslar tomonidan talon-toroj qilingani aniqlandi. Shuningdek, muzeyda saqlanishi lozim bo‘lgan 1 dona rangtasvir va 1 dona grafika asari topilmadi.

Qayd etilishicha, 2011 yilda muzey tomonidan Farg‘ona viloyati IIBga jami 21 nomdagi ashyolar berilgan. Ulardan 14 nomdagi ashyolar 2016−2020 yillar davomida muzeyga qaytarilgan, ammo qolgan 7 dona rangtasvir asari qaytarilmagan. Hozirgi kunda Farg‘ona viloyati IIBda ushbu 7 dona rangtasvir asari mavjud emasligi aniqlandi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida «Ichan-Qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda noyob deb kelingan 101 ta muzey ashyosining kirim kitobidagi tavsifnomalari o‘lcham, material, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi aniqlani haqida yozgan edik.