Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida to‘rt nafar fuqaro ekstremistik mazmundagi audio-video materiallarni tanishlariga tarqatib, targ‘ib qilib kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu IIB va DXXB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, guruhga 2002 yilda tug‘ilgan M.A. boshchilik qilgan. Unga 1998 yilda tug‘ilgan M.B., I.A hamda 2004 yilda tug‘ilgan R.M.lar a’zo bo‘lgan.

Ular muqaddam bir mahallada istiqomat qilgan va hozirda Suriya hududidagi «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan I.A. (1994 y.t.) va A.N.lar (1987 y.t.) bilan internet orqali aloqa bog‘lagani aytilmoqda.

«Terrorchilik tashkiloti a’zolari ta’sirida ekstremistik mazmundagi audio-video materiallarni yaqin tanishlari orasida tarqatish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelgan», — deyiladi xabarda.

To‘plangan materiallar asosida mazkur shaxslarga Jinoyat kodeksining 244,1-moddasi 3-qismi «g» bandi (OAVdan foydalanib, jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Ularning aybi sud majlisida o‘z tasdig‘ini topsa, gumonlanuvchilar 5−8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.