Birlashgan Arab Amirliklarining uchta kompaniyasi O‘zbekistonning energetika sohasiga investitsiya kiritadi. Seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga mazkur investitsiya loyihalari taqdimoti namoyish etildi.

Unga ko‘ra, Qashqadaryoning Nishon tumanidagi «Talimarjon» IES xususiylashtiriladi. Investitsiya va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyevning ta’kidlashicha, IES kengaytirilib, modernizatsiya qilinadi.

Loyiha uchun BAAning «Mubadala» va «Taqa» kompaniyalarining investitsiyalari jalb qilinadi.

Bundan tashqari, «Masdar» kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand (Kattaqo‘rg‘on tumani), Surxondaryo (Sherobod tumani) va Jizzax (G‘allaorol tumani)da umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan quyosh elektrstansiyalari, Navoiyda shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda.

«Masdar kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar 2030 yilgacha mamlakatimizda „yashil energetika“ ulushini 25 foizga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi. Shu bois, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur bitim va hujjatlar imzolashni tezlashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev loyihalarni amalga oshirishda mahalliy elektrotexnika mahsulotlari va ishchi kuchidan foydalanish bo‘yicha topshiriq olganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalashtirilayotgan quyosh elektrstansiyalari 2023 yilda ishga tushadi, shamol elektrstansiyalari esa 2024 yildan boshlab elektr energiyasini ishlab chiqarishni boshlaydi.

Vazir o‘rinbosari «Talimarjon» IES xususiylashtirilganda, undagi ishchilarning ish o‘rni saqlab qolinishi, IESda yangi boshqaruv uslubi va texnologiyalar joriy etilishini ma’lum qildi.

«Investorlar — BAAning „Mubadala“ va „Taqa“ kompaniyalari ko‘proq operatsion samaradorlikka erishib, pirovard natijada elektr energiyasini yetkazib berishni ham narx, ham uzluksizligi va ishonchliligini ta’minlaydi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, quyosh hamda shamol elektrstansiyalariga investor bo‘lgan BAAning «Masdar» kompaniyasi mahalliy ishchilarni ishlatgan holda, dunyodagi yetakchi kompaniyalarning texnologiyalarini olib kelish evaziga ishlab chiqaradigan yashil energiyaning ham miqdorini, ham narxdagi maqbulligini ta’minlaydi.

Mazkur 5 ta loyihaning umumiy qiymati qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Prezident bu loyihalar energetika tizimi barqarorligiga hamda iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiya oqimi yanada ko‘payishiga zamin yaratishini ta’kidladi.