7 iyul kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov O‘zbekiston prezidentining 27 iyundagi OAV hamda jurnalistika sohasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan hujjatni imzoladi.

Qaror bilan hokim AKT vaziri Sherzod Shermatov, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, moliya vaziri Timur Ishmetov, qurilish vaziri Botir Zokirov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga topshiriq bergan. Bu esa jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bu hujjatda prezident qaroridan mazkur hududga moslashtirilmagan holda ko‘chirilgan bandlar borligi tufayli sodir bo‘ldi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, qaror normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish qoidalariga asosan, belgilangan talablarga rioya qilingan holda ishlab chiqilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmatining qayd etishicha, hokim qarorlarida odatda ijrochilarga tushunarli bo‘lishi uchun prezidentning qarorida ko‘rsatilgan vazifalar matni takror ma’lumot uchun ko‘rsatib o‘tiladi.

«Bu boshqa viloyatlarda ham an’anaga aylangan amaliyot. Vazirliklarga topshiriqlar berilgan degan talqinni ham, yuqoridagi hokim qarorining tegishli bandini oxirigacha o‘qib chiqib, aniqlab olish mumkin, ya’ni prezident qaroridagi topshiriqlar ma’lumot va ijro uchun qabul qilingan. Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan ilovalar tasdiqlanmagan, balki prezident qarorida tasdiqlanganligi inobatga olingan», — deyiladi xabarda.

Hokim qarorining 3-ilovasidan parcha.

Biroq, hujjatda prezident qaroridagi ilova ekanligi biror tarzda ko‘rsatib o‘tilmagan, balki viloyat hokimining qaroriga ilova deb aniq qayd etilgan.

Adliya boshqarmasi hokim qarori nega huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaganiga ham izoh berdi. Qonunchilikka muvofiq uch turdagi qarorlarni yer munosabatlariga doir, normativ tusdagi qarorlar, ko‘chmas mulkni buzish bilan bog‘liq qarorlar ekspertizadan o‘tkaziladi.

«Andijon viloyat hokimining mazkur qarori yuqoridagi qarorlar toifasiga kirmaganligi sababli adliya boshqarmasidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydi», — deyiladi xabarda.

Adliya boshqarmasi hokimning har bir qarori adliya organlaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi haqidagi fikrlarni ham rad etdi. Bu ish hokimlik yuriskonsulti tomonidan amalga oshiriladi.