Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasi hududidagi beshta gips ishlab chiqarishga moslashgan korxona havoni ifloslantirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi o‘rganishlar o‘tkazdi.

Mazkur korxonaga mobil ekologik laboratoriya jalb qilinib, havodan namunalar olindi hamda tahlil amalga oshirildi.

Natijada havoni ifloslantiruvchi moddalar 4 ta nuqtada 1,5 dan 23,6 martaga va 2 ta nuqtada 3,2 dan 4,6 martaga belgilangan me’yorlardan ortiqligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

Hududda joylashgan ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan chang va gazlarni kamaytirish, atrof-muhit ifloslanishini oldini olish maqsadida 12 ta korxonada, jumladan «Tsement Xom Ashyo Savdosi» MCHJ, «Yaypan Qurilish Bunyodkor» MCHJ, «Sho‘rsuv Baraka Gips» MCHJ, «Vodiy Gips» MCHJ, «OLMOS GIPS» MCHJ, «Evro Global Gips» XK, «IMKON GIPS» XK, «FAYZ GIPS» XK, «Gold Gips Card» MCHJ, «Gips Group National» MCHJ, «Star Genius» MCHJ hamda «Cho‘yan Yuing» XKlarda tekshirishlar amalga oshirildi.

Tekshiruv davomida uchta korxona tomonidan gips ishlab chiqarish sexi uchun chang-gaz ushlash qurilmasi o‘rnatilmagani, davlat ekologik ekspertiza xulosalari olinmagani, yana ikkitasida o‘rnatilgan chang-gaz ushlash qurilmalari talab darajasida emasligi ma’lum bo‘ldi.

«Natijasida atmosfera havosiga tashlangan gips changi va atrof-muhitga chiqarilgan gips tosh chiqindilar uchun qo‘shimcha kompensatsiya summalari hisoblanib, vakolat doirasida 5 ta „OLMOS GIPS“, „Evro Global Gips“, „IMKON GIPS“, „FAYZ GIPS“ va „Gips Group National“ korxonalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablari bajarilishi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Qo‘mita mutaxassislari korxona faoliyatini boshqarish texnologiyasini muhrlamoqda.

Belgilangan muddatda ekologik talablar bajarilmagani sababli korxonalar faoliyatini to‘xtatish uchun Iqtisodiy ishlar bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudiga hujjatlar taqdim etilgan.

Davomiy ravishda 4 ta gips va 2 ta sement ishlab chiqarish korxonalar faoliyatida tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlar ijrosini o‘rganish yuzasidan tekshirish o‘tkazilishi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani qo‘shimcha qilingan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tumanidagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablari asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqarish korxonalarini ekologik talablar asosida modernizatsiyalash dasturi loyihasi ishlab chiqilgani qayd etilgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, dastur doirasida hududdagi ishlab chiqarish korxonalarida yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, shuningdek, Sho‘rsuv shaharchasidagi sanoat korxonalarini o‘z ichiga olgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, atrof-muhitga kam ta’sir ko‘rsatuvchi «yashil texnologiyalar»ni qo‘llagan holda klaster usulida «kichik sanoat zonasi» tashkil etiladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan mazkur hududda tekshiruvlar davom ettirilmoqda.