Samarqand viloyati Samarqand tumani «Chaqa» mahallasida 17 yoshli yigit avtomobil boshqarib ketayotganida halokatli YTH sodir etdi. Fojea tafsilotlari haqida Sevimli telekanalining Zamon dasturi xabar berdi.

Samarqand viloyati YHXB matbuot xizmati rahbari Xurshid Safarovning ma’lum qilishicha, hali avtomobil boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yigit Cobalt rusumli avtoulovni boshqarib, singlisining dugonalarini uyiga olib ketayotgan bo‘lgan. Avtomobil yuqori tezlikda harakatlanishi natijasida 4H-495V mahalliy yo‘lining 2-kilometrida yo‘ldan chiqib ketib, past tekislikka ag‘darilib ketgan.

Reportajda voqea guvohi pachaqlangan avtomobil ostidan ikki qizni chiqarib olgani, ulardan biri shu yerning o‘zida vafot etganini so‘zlab berdi. Odamlar yarim soat ichida ham kelmagan «tez yordam»ni kutmasdan, jabrlanganlarni Damas mashinasida kasalxonaga olib borishgan.

Ikkinchi qiz esa tuman kasalxonasida vafot etgan. Yana bir yo‘lovchiga shifokorlar tibbiy yordam ko‘rsatgan. Xabarda haydovchining salomatligi haqida hech narsa deyilmagan.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Zamon dasturida shuningdek, Samarqand viloyatida Damas haydovchisi vafot etgan yana bir YTH haqida xabar berildi. «Olmaota — Bishkek — Toshkent — Shahrisabz — Termiz» M-39 avtomobil yo‘lining Jomboy tumani hududidan o‘tuvchi 1072-kilometrida Damas mashinasining yoqilg‘isi tugab qoladi. Haydovchi avtoulovni itarib ketayotganida orqadan kelayotgan yuk mashinasi urib yuboradi.

YHXB xabariga ko‘ra, Damas haydovchisi voqea joyida vafot etgan, orqadan kelib urgan transport vositasi haydovchisi voqea joyidan qochib ketgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida yuk avtomobili haydovchisi topildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.