AQSh Moliya vazirligi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa qator davlatlarni Rossiya va Belarusga sanksiyalar bilan cheklangan tovarlar yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi.

To‘liq ro‘yxat Moliya vazirligining ikkita bo‘linmasi — Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash tarmog‘i (FinCEN) va Sanoat va xavfsizlik byurosi (BIS) tavsiyalarida keltirilgan. Ular moliya institutlarini RF Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng joriy etilgan «eksport nazoratidan jismoniy yoki yuridik shaxslarning qochishga urinishlariga nisbatan hushyor bo‘lishga» chaqirmoqda.

Eksport nazorati birinchi navbatda Rossiyaning mudofaa, aerokosmik va dengiz sohalariga qaratilgan. Ular, shuningdek, Rossiya energetika sektorini, qolaversa, «Rossiya elitasi foydalanadigan hashamatli mahsulotlarni» o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistondan tashqari Rossiyaga sanksiyaga tushgan tovarlarni potensial «yetkazib beruvchilar» qatoridan Gruziya, Armaniston, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Isroil, Meksika, Nikaragua, Serbiya, Singapur, Janubiy Afrika, Tayvan, Turkiya va BAA joy olgan.

Shu bilan birga, tavsiyalarda ayrim hollarda nazorat qilinadigan tovarlar ushbu davlatlarga qonuniy ravishda xom ashyo sifatida eksport qilinishi mumkinligi, biroq ularni keyinchalik «qo‘shimcha yuk tashish punktlari orqali» RF yoki Belarusga yetkazib berish taqiqlangani qayd etilgan.

«Rossiya va Belarusning harbiy va mudofaa salohiyatini mustahkamlash uchun potensial qayta yo‘naltirilishi va yakuniy foydalanilishi sababli alohida tashvish tug‘diradigan» tovarlar toifasiga quyidagilar kiradi: samolyot ehtiyot qismlari, gidroakustik tizimlar, antennalar, spektrofotometrlar, sinov uskunalari, GPS tizimlari, vakuum nasoslari, neft qazib olish konlari uskunalari va boshqalar.


Sanoat va xavfsizlik byurosi Rossiya harbiy va mudofaa sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan dengiz texnologiyalari, mikroelektronika va boshqa texnologiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan eksportdan xavotirda.

Avvalroq, AQSh Davlat departamenti Rossiya korxonalariga qarshi sanksiyalar rejimini buzgani uchun O‘zbekistonning Promcomplektlogistic kompaniyasiga nisbatan cheklovlarni joriy qilgani haqida yozgandik. U boshqa kompaniyalar qatorida «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash» da gumon qilinib, «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.