2022 yil sentabrida Toshkent va Buxoro shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festivali» (Silk Road Lit Fest) to‘xtatilmoqda. Bu haqda festival tashkiliy qo‘mitasi a’zosi, shoir va tarjimon A’zam Obidov Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval boshdan festivalga hamkor sifatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tanlangan va festival direktori uyushma rahbariyati bilan kelishgan holda tayinlangan. Biroq, mazkur katta tadbir bekor qilinmoqda, shoir bunga jamoatchilik e’tibor qaratishini so‘ramoqda.

Festivalning tashkiliy qo‘mitasi ham xalqaro tadbir aynan uyushma hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun to‘xtatilayotganini qayd etgan.

«Yozuvchilar uyushmasi bizning O‘zbekistondagi mahalliy hamkorlarimiz safidan chiqqanini e’lon qilganidan juda xafa bo‘ldik. Shu sababli biz sentabr oyida Toshkent va Buxoroda rejalashtirilgan festivalni o‘tkaza olmaymiz. Biz muqobil kelishuvlar ustida ishlayapmiz va tez orada sizga xabar berishga harakat qilamiz. Biz baribir bu yilgi festival sovrinlarini o‘z egalariga topshiramiz», — deyiladi xabarda.

Tashabbus O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisidan chiqqan

Sofi Ibbotson. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

2022 yil boshida O‘zbekistondagi bir qancha internet nashrlarida «Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festival» o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Xususan, O‘zAda e’lon qilingan maqolada ushbu xalqaro festival Yozuvchilar uyushmasi, Tashqi ishlar hamda Turizm va madaniy meros vazirliklari, mamlakatning Londondagi elchixonasi va «Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festival» ma’muriyati hamkorligida o‘tkazilishi qayd etilgan.

O‘zAga intervyu bergan Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i Rustam Musurmonning aytishicha, 2021 yilda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson uyushmaga mazkur festivalni o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgan.

Shundan so‘ng, Tashqi ishlar hamda Turizm vazirliklari, mamlakatning Londondagi elchixonasi ishtirokida festival tashabbuskorlari bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tgan. Unda festivalning tashkiliy jihatlari va uni o‘tkazish tartibi muhokama qilingan. Noyabr oyida esa Sofi Ibbotson Yozuvchilar uyushmasiga tashrif buyurgan va muzokarada tadbir bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelingan.

Ushbu xalqaro festival har yili Buyuk ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlarning birida o‘tkazilishi, O‘zbekiston mazkur festivalni qabul qilgan birinchi mamlakat bo‘lgani qayd etilgan. «Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — o‘zbek yozuvchi va shoirlari asarlari uchun Yevropa nashrlariga kengroq yo‘l ochish, xorijiy o‘quvchilarni mamlakatimizning boy adabiy va madaniy an’analari va bugungi kuni bilan tanishtirishdan iborat», — deyiladi xabarda.

«Buyuk ipak yo‘lidagi adabiy festival» doirasida yigirmadan ortiq tadbirlar o‘tkaziladi. Bular adabiy munozaralar, yangi kitoblar taqdimoti, dolzarb adabiy mavzulardagi seminarlardir. Festival badiiy tarjima, o‘zbek adabiy an’analari, o‘zbek mualliflarining asarlarini Yevropa nashrlarida chop etish, zamonaviy sharoitlarda noshirlik biznesini rivojlantirish kabi masalalarni qamrab oladi.

O‘zAda yozilishicha, festivalni Buyuk Britaniya tomonidan tashkil etishda «Shute Festival» adabiy festivali ma’muriyati, Osiyo adabiy agentligi, Osiyo ishlari bo‘yicha Qirollik jamiyati va Britaniya kengashi ishtirok etishi belgilangan.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatiga oid asarlar chop etgan xorijlik yozuvchilar, noshirlar, adabiy agentlar va kitob sotuvchilari, o‘zbek yozuvchi va shoirlari ishtiroki kutilayotgani ta’kidlangan. Jumladan, Britaniya tomoni ma’ruzachilar sifatida taniqli tarixchi olimlar — Uilyam Dalrimpl, Piter Frankopan, O‘zbekistonga oid kitoblar muallifi Kerolayn Iden qatnashishi rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

«Festival bahona turistlar kelsa, buning nimasi yomon?»

A’zam Obidov. Surat shoirning shaxsiy arxividan olindi.

«Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov mazkur holat yuzasidan munosabat olish maqsadida shoir A’zam Obidov bilan bog‘landi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, festival direktori Sofi Ibbotson O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishgan holda tadbir dasturini allaqachon ishlab chiqqan. Hatto ishtirokchilar ro‘yxati ham shakllantirilgan. «Festival ma’muriyati tadbir masshtabini kengaytirish maqsadida buni Buyuk ipak yo‘li mamlakatlarida ham o‘tkazishga qaror qildi va birinchi davlat sifatida O‘zbekistonni tanladi. Ular hukumatga taklif bilan chiqqan va bu qo‘llab-quvvatlangan», — dedi shoir.

«O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson ushbu festival direktori hisoblanadi. U festival tashkiliy ishlari sabab mamlakatga bir necha marta kelgan. Yozuvchilar ushmasi rozilik bildirib, hamkorlikka tayyorligini aytgan. Sofi Ibbotson uyushma bilan kelishgan holda festival dasturini ham ishlab chiqqandi. Xorijdan kamida 50−60 nafar ijodkor kelishi ko‘zda tutilgan edi», — deya ta’kidladi A’zam Obidov.

«Ammo tadbirga oz vaqt qolganida Yozuvchilar uyushmasi „qatnashchilar ichida yozuvchi, shoirlar yo‘q ekan, asosan, turistlar kiritilibdi ro‘yxatga“, degan vaj bilan hamkorlik qilish fikridan qaytdi. Aslida unday emas, — dedi shoir. — Ishtirok etuvchilarning ko‘pi o‘z yurtida yozuvchi, shoir, tarjimon sifatida tanilgan, O‘zbekistonni ham yaxshi bilishadi. Festival bahona O‘zbekistonga turistlar oqib kelsa, buning nimasi yomon? Axir har bir festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad ham turistlarni jalb qilish-ku».

«Bu holatni O‘zbekiston uchun uyatli deb hisoblayman»

Shoirning ta’kidlashicha, agar festival o‘tkazilmaydigan bo‘lsa, bu O‘zbekiston imidjiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

«Eng qoloq bo‘lgan Afrika mamlakatlarida ham xalqaro adabiyot festivallarini o‘tkazish an’anaga aylangan. O‘zim bu kabi tadbirlarda ko‘p qatnashaman. Ammo O‘zbekistonda bunday katta xalqaro adabiyot tadbirlari yo‘q. Festival tashabbuskori Sofi Ibbotsonning hafsalasini pir qilishdi», — dedi u.

«Festival qo‘mitasi a’zosi sifatida bu holatni O‘zbekiston uchun uyatli, deb hisoblayman. Bu degani, katta adabiyoti, madaniyati, tarixi va 35 million aholisi bor mamlakatning bunday festivalni o‘tkazishga qurbi yetmadi, degani. Bu O‘zbekiston imijiga albatta, salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yozuvchilar uyushmasi hamkorlik qila olmasa, boshqa tashkilotlar bor-ku.

«Festival ma’muriyati hali bir qarorga kelgani yo‘q. Festivalni e’lon qilib qo‘yganmiz, ko‘pchilik xabardor bundan. Shuning uchun kichik formatda bo‘lsa ham onlayn ko‘rinishda o‘tkazamiz, degan qarorga kelish arafasida turishibdi. Iyul oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan onlayn muloqotda aniq bir qaror qabul qilinadi. O‘shanda ularga festivalni o‘zim o‘tkazib berishim mumkinligini aytaman. Agar rozi bo‘lishsa, adabiyotni qadrlaydigan va volontyor o‘zbekistonlik do‘stlarim bilan birga o‘tkazamiz», — dedi A’zam Obidov.

«Gazeta.uz» muxbiri holat yuzasidan izoh olish uchun Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga bir necha marta murojaat qildi. Ammo ular har safar holatga tez orada rasmiy munosabat bildirilishini aytib, izoh berishni paysalga solmoqda.