O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Qoraqalpog‘istonda 2 iyul kungi namoyishlar vaqtida odamlar tomonidan to‘xtatilgan BTR maxsus texnikasi ichida bo‘lgan harbiylarning intervyusini e’lon qildi. Harbiylar iyul oyining birinchi kunlarida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirishga jalb etilgandi.

«Qurol ishlatish mumkin emasligi bo‘yicha buyruq olgandik. Chunki uy yoqda tinch aholi, oddiy, sodda xalq… Hamma o‘zining doimiy joyiga, harbiy qismlariga, postlariga yetib borishi bo‘yicha komanda oldik. Shaxsiy tarkibimga zudlik bilan BTR texnikasiga o‘tirishini tayinladim va harakatni boshladik», — dedi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi kapitan Rustam Bobojonov.

Kapitanning so‘zlariga ko‘ra, uning guruhi 17:30 lar atrofida harakatni boshlagan bo‘lsa, doimiy joylashuv joyiga qarab taxminan 500 metrlar yurgan.

Shunda BTR haydovchisi quyidagicha axborot bergan: O‘rtoq kapitan, 1 kmlar uzoqroqda 300−400 nafardan ortiq olomon turibdi. Bizni yo‘limizni tusayapti. Yo‘limizni to‘sdi… Qo‘llarida har xil temir jisimlar, armaturalar, lom, yonuvchi aralashma [bor].

«Hamma narsagan tayyor turishga komanda berdim. Tayyor turinglar Shu payti harbiy qismga aloqaga chiqdim. Bizga yordamchi kuch kerak, oldimizdan 300−400, orqamizdan 100−200 olomon yopirilib kelyapti… Texnikamizga zarba berishni, oynalarini sindirishni boshladi», — dedi u.

Asosiy maqsadimiz o‘sha yerda qoraqalpoq xalqini tinchligini, osoyishtaligini saqlash bo‘lganligi sababli shu vaziyatda texnikamiz bilan xalqni ustiga bostirib haydamadik. Xalqqa qurol ishlatmadik. Ularni birortasini joniga ozor berganimiz yo‘q", — deya so‘zlab berdi kapitan.

Boshini bint bilan bog‘lagan askar: «Mahalliy aholi jabr ko‘rmaslik uchun biz BTRni to‘xtatdik. BTRni aholini ustiga qarab haydashimiz yoki ularga qarab o‘q uzishimiz ham mumkin edi. Bu qo‘limizdan kelardi, vijdon yo‘l qo‘ymadi. Hech qachon ortga chekinmaymiz, deb qasamyod qilganmiz. Harbiy libosni kiydikmi, oxirigacha, so‘ngi qonimiz qolgunicha vatan uchun xizmat qilamiz».


Kapitanning ma’lum qilishicha, u mo‘ljalga oluvchiga osmonga qarata bir necha marta ogohlantiruvchi o‘q uzishni byuurgan. Videolardan shuni ko‘rish mumkinki, ogohlantiruvchi o‘q namoyishchilarni bu harakatidan to‘xtatmagan.

Harbiylarning aytishicha, BTR lyuki metall buyumlar yordamida ochilgan. Ichkarida bo‘lganlar esa kaltaklangan.

Yuzida jarohati bor serjant esa o‘sha kuni ekipaj komandiri, safdoshlarini himoya qilishga uringanini so‘zlab berdi. «Usti boshim qon… Orqa tarafdan bosh va yelka qismlarimga juda ko‘p zarba berdi. Qo‘limizda jangovar qurol bo‘lmasa ham, ustimizda harbiy forma bor edi. U menga qandaydir kuch berdi», — dedi u.

«Gazeta.uz» jurnalist Dauletmurat Tajimuratovning hibsga olinishi ortidan Nukusda yuzaga kelgan namoyishlar bir hafta davomida Konstitutsiyada respublika maqomini o‘zgartirishlarga qarshi Qoraqalpog‘iston aholisining noroziliklari fonida sodir bo‘ldi. Jurnalistni ozod qilishni talab qilish bilan boshlangan namoyishlar tartibsizliklarga ulanib ketdi, buning oqibatida esa odamlar halok bo‘ldi, ko‘plar jarohatlar oldi.

Avvalroq, o‘qotar quroldan foydalanish taqiqlangani haqida Milliy gvardiya xabar bergandi. IIVning xabar berishicha, shovqin chiqarib portlovchi vositalardan foydalangan. Shu bilan birga, Nukusda muxbirimiz bilan gaplashgan yaradorlarning ayrimlari o‘qotar quroldan jarohat olgani haqida ham xabar berishdi.

O‘zbekiston prezidentining taklifiga binoan Bosh qonun loyihasidan Qoraqalpog‘iston maqomiga doir o‘zgartishlar chiqarib tashlandi. Respublikada favqulodda vaziyat e’lon qilindi. Nukus va Qoraqalpog‘iston hududlarida avtomobillarni tekshirish uchun nazorat punktlari o‘rnatildi.