Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni geologiya sohasidagi natijalar va yil yakunigacha bo‘lgan rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda yerosti qazilmalariga soliq stavkalari pasaytirilib, sohada xususiy investorlarga yo‘l ochilgani qayd etildi. Konlarni auksion orqali sotish hisobiga, 1,4 mlrd dollar investitsiya kiritish boshlandi.

«Navoyuran» davlat korxonasi transformatsiyasi doirasida texnologik jarayon va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazish, uran ishlab chiqarish hajmi hamda zaxirasini 2030 yilgacha 2 barobar oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, qo‘shimcha zaxiralarni 65,8 ming tonna uranga, ishlab chiqarishni esa 45,4 ming tonnaga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 460 mln dollar sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bu ishlarni samarali tashkil etish uchun «Navoiyuran»da loyiha ofisi ochish, chet ellik mutaxassislarni jalb qilib, kadrlar malakasini oshirish kerakligini ta’kidladi.

Rangli va noyob metalli konlarni o‘zlashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada geologik qidiruv maydonlari kengaytirilgan. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida «Yangi kon» kompaniyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu kompaniya litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari ijrosini tashkillashtiradi.

Yerosti suvlari masalasida so‘nggi yillarda 21 ta tumanda yerosti suvining satxi 20 metrgacha pasayib ketgani aytildi. Shunga qaramasdan, joylarda noqonuniy suv qazish holatlari aniqlanmoqda. 2021 yilning o‘zida 1,2 mingta noqonuniy quduq burg‘ilash holati aniqlangan.

Shu bois prezident yerosti suvlaridan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ayni maqsadda yerosti suvlarini samarasiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Xususan, jismoniy shaxslar uchun jazoni amaldagi BHMning 2−5 baravaridan (600 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha) 30−50 baravarigacha (9 mln so‘mdan 15 mln so‘mgacha), yuridik shaxslar uchun esa — 5 -7 ta BHMdan (1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha) 50−100 ta BHMgacha (15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha) qattiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Yil davomida qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda, jarimalar miqdori jismoniy shaxslar uchun 50−70 BHM, yuridik shaxslar uchun 100−150 BHM (hozirgi 5−7 va 7−10 BHM) bo‘ladi.

Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yerosti suvi zaxirasini oshirish choralari ko‘rilayotgani aytildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, Qashqadaryoda bu bo‘yicha klaster tashkil etishga qaratilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

«Umuman, geologiya iqtisodiyotning o‘sishiga asosiy turtki beradigan soha. Bu boradagi salohiyatini to‘liq ishga solish kerak», — dedi davlat rahbari.