Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Farg‘ona xalqaro aeroportida bojxonachilarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Farg‘ona xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.S. o‘zining bo‘ysunuvida bo‘lgan xodim X.J. va mahalliy fuqarolar bilan kelishib, moddiy manfaatdorlik evaziga juda ko‘p miqdordagi tovar qimmatliklarni belgilangan tartibga zid ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazib kelgan, deyiladi xabarda. Tovarlar xorijdan kelayotgan yo‘lovchilar nomiga rasmiylashtirilib olib kelingan.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar A.N. (1991 y.t.) va N.A. (1995 y.t.) «Domodedovo — Farg‘ona» yo‘nalishida Moskva shahridan uchib kelgan 4 nafar yo‘lovchi nomiga rasmiylashtirilib olib kelingan umumiy qiymati 276,6 mln so‘mlik tovar qimmatliklarni qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, mazkur tovarlar Farg‘ona shahrida yashovchi tadbirkor R.B.(1988 y.t.)ga tegishli ekanligi aniqlanib, u ham ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida Farg‘ona xalqaro aeroporti chegara-bojxona posti xodimi X.J. o‘zining boshlig‘i A.S. ning ko‘rsatmasiga asosan ushbu tovar qimmatliklarni belgilangan tartibga zid ravishda bojxona nazoratidan o‘tkazib yuborgani ma’lum bo‘lgan.

Hozirda holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan A.S. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.