Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan ommaviy namoyishlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (Hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov doirasida 14 nafar shaxsning hibsga olinganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi bayonnomada boshqa moddalar mavjudligi ham ko‘rsatilgan, qaysilari ekani ochiqlanmagan.

Dauletmurat Tajimuratov va Azamat Turdanovga nisbatan «Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan» jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan sud qarori bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Lolagul Qallixanovaning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlangan, deyiladi Bosh prokuratura xabarida. «U jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi», — dedi nazorat organi.

«Tergovga jalb etilgan fuqarolarning sha’ni va qadr — qimmati hurmat qilinishi, qiynoq, zo‘ravonlik, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr — qimmatini kamsituvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy nazoratga olingan», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Qayd etilishicha, «gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi to‘la ta’minlangan holda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar ta’minlangan».