Hukumatning 6 iyuldagi [365-sonli] qarori bilan sport hakamlariga malaka toifasini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, sport hakamlariga quyidagi malaka toifalari beriladi:

  • xalqaro toifali sport hakami;
  • milliy toifali sport hakami;
  • birinchi toifali sport hakami;
  • ikkinchi toifali sport hakami;
  • uchinchi toifali sport hakami;
  • sport bo‘yicha hakam.

Hakamlarga toifalar davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali Sportni rivojlantirish vazirligi va hududiy boshqarmalar (vakolatli organ) tomonidan beriladi.

Arizaga shaxs ishlayotgan tashkilotdan malaka toifasini berish to‘g‘risidagi taqdimnoma ilova qilinishi kerak. Davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun BHMning 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Vakolatli organ ariza kelib tushgan kuni qaror qabul qilish uchun malaka komissiyasiga kiritadi. Malaka komissiyasi 1 oyda bir marta chaqiriladi. Malaka komissiyasi ariza beruvchi tomonidan yuborilgan hujjatlarni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.