7 iyul kuni, Nukusdagi namoyishlarni tarqatish uchun maxsus texnik vositalar qo‘llanilganidan deyarli bir hafta o‘tib, O‘zbekiston IIV matbuot xizmati ushbu vositalar qanday ishlashini ko‘rsatuvchi videorolikni namoyish qildi. «Gazeta.uz» muxbiri 3 iyul kuni ushbu vositalar va ulardan foydalanish oqibatlarini tasvirga oldi. O‘quvchilarimiz tomonidan ham fotosuratlar yuborilgan.

Videoda aytilishicha, huquq-tartibot idoralari Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan hamda 2020 yilda ko‘chalarni koronavirusga qarshi dezinfeksiya qilishda qo‘llanilgan suv purkovchi vositadan foydalanildi, biroq bu safar suv o‘rniga qizil bo‘yoq sepildi (ko‘pchilik Nukus ko‘chalarida qizil ko‘lmaklarni qon deb atashdi, keyinchalik bunga aniqlik kiritildi).

Bundan tashqari, ko‘z va nafas yo‘llarini achishtiruvchi gazli va shovqinli granatalar qo‘llanilgan. «Yetakchilar va ishtirokchilarni aniqlash uchun» yuvilmaydigan rang sachratadigan granatalar ham ishlatilgan. Nafas yo‘llari va terini achishtiradigan gazli granatalardan ham foydalanilgan. 2 iyul kuni nukusliklarning bizga xabar berishicha, 1 iyulda odamlar achishishni ketkazish uchun Jo‘qorg‘i Kenges binosi yonidagi favvorada cho‘milishgan.

Shuningdek, IIV odamni 15 soniya davomida karaxt holga tushirib qo‘yadigan shovqinli granatani ham namoyish qildi. White Smoke 303 granatasi oq tutun purkaydi. Uni qo‘llashdan maqsad «shaxsiy tarkib qayta to‘planib olishi uchun dushman e’tiborini chalg‘itish»dan iborat. Boshqa bir 303 STRV granatasi esa portlagan vaqtda 20−30 metr radiusga rezina sharikchalar otadi. Odamlarga qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik ko‘p jarohat olishi mumkin. Ulardan olingan yara taxminan travmatik qurol bilan bir xil, deya xabar beradi xodim videoda.

2 iyul kuni Nukus shahrida yashovchi fuqaro tomonidan olingan surat.

«Ushbu granatalar standartlar bo‘yicha ishlab chiqariladi, xorijdan keltiriladi, sinovdan o‘tkaziladi. Ular o‘limga olib kelmaydi, lekin tartibsizliklar paytida odamlarni tinchlantirish va tarqatish uchun ishlatiladi. 717 STRV granatasi yaqin aloqada — qo‘lda bo‘lganida yoki tananing u yoki bu qismiga tekkanida shikastlanishga olib kelishi mumkin», — deydi videodagi ovoz.

Bir kun avval O‘zbekiston prezidenti Nukus voqealarida barcha ishtirokchilarning harakatlariga adolatli baho berish bo‘yicha topshiriq bergan edi. «Agar kuch tuzilmalari kuchdan oshib ketgan bo‘lsa, ular ham javobgarlikka tortilishi kerak», dedi u.

Foto

4 iyul, dushanba kuni ertalab Yernazar Alakoz ko‘chasi shunday ko‘rinish oldi:

Quyida muxbirimiz 3 iyul kuni Nukus ko‘chalarida uchratgan maxsus vositalar qoldiqlari tasvirlangan.