Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 iyul kuni arxitektura, qurilish va shaharsozlik bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda ipoteka kreditlaridan foydalanish darajasi ko‘rib chiqildi. joriy yilda 43 mingta uy-joy uchun budjetda banklarga 13 trln so‘m resurs ko‘zda tutilgan bo‘lib, o‘tgan olti oyda 3,6 trln so‘m (28 foiz) o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, 29 ming nafar aholiga subsidiya uchun 1,2 trln so‘m ajratilgan bo‘lsada, 8,5 ming nafariga 365 mlrd so‘m (30 foiz) to‘lab berilgan.

Ajratilgan resurs va subsidiyani o‘zlashtirish darajasi Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 25 foizdan past.

Shavkat Mirziyoyev 1 sentabrga qadar tuman va shaharlarning qulay joylarida bank, moliya, quruvchi tashkilotlar, notarius, kadastr idoralari bir joyda o‘tirib, aholiga yangi uy-joylar loyihasi, narxi, kredit va subsidiya shartlari bo‘yicha batafsil xizmat ko‘rsatadigan Ipoteka markazlarini tashkil qilishga ko‘rsatma berdi.

Bir oy muddatda subsidiya ajratishdagi byurokratiyani kamaytirish, qurilish uchun yerlarni savdoga chiqarishni 2 baravarga ko‘paytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan ipoteka va ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari 2022 yil oxirigacha o‘zgarishsiz qoladi.

Markaziy bank avvalroq jismoniy shaxslar uchun BankXizmatlari.uz moliyaviy bank xizmatlari portalini ishga tushirgan edi. Bu depozitlar bo‘yicha takliflarni solishtirish, kreditlar bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarni olish va eng qulay kursni aniqlash imkonini beradi.