Prezident 7 iyul kuni «Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Hujjat paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etildi. Unga innovatsion rivojlanish vaziri Ibroxim Yulchiyevich Abduraxmonov rahbarlik qiladi.

Quyidagilar kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash;
  • hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar (ko‘rsatmalar, buyurtmalar) berish;
  • tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar berish;
  • g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;
  • klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘itlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;
  • xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urug‘chilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish;
  • paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.

2022−2023 yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatni yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan o‘tkaziladigan 13 ta tumanlar ro‘yxati tasdiqlani qayd etilmoqda.

Paxtachilik kengashi bir hafta muddatda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlari tashkil etiladigan 13 ta tumanlarning har biri bo‘yicha ishchi guruhlari tarkiblarini tasdiqlaydi.

Paxta hosildorligini oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy qilindi:

a) tuman ishchi guruhlari paxta ekilgan maydonlarda joyiga chiqqan holda tahlillar asosida urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, biostimulyatorlarni qo‘llash, o‘g‘itlash, g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish hamda samarali sug‘orish bo‘yicha hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos takliflarni Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhiga taqdim qiladi;

  1. b) Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhi taqdim etilgan takliflarni tahlil qilib umumlashtirgan holda Paxtachilik kengashiga kiritadi;
  2. v) Paxtachilik kengashi:
  • hududda ekilgan paxta navlarining hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbulini tanlash, shuningdek, agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash;
  • paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;
  • paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral o‘g‘itlarning qo‘llanilishini yaxshilash;
  • paxta ekilgan maydonlarda g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
  • paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qo‘llash;
  • paxta yetishtirish jarayonida samarali sug‘orish tizimini va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

Paxtachilik kengashining unga yuklatilgan vazifalarga asosan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari majburiy hisoblanadi.

Paxtachilik kengashi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha:

  • Paxtachilik kengashi raisi (Ibroxim Abduraxmonov) kengashga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda prezidentga axborot beradi;
  • Paxtachilik kengashi raisiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish vakolati beriladi;

Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolariga ish haqi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar mehnatiga haq to‘lash muayyan ishni bajarish uchun tuziladigan mehnat shartnomalariga asosan mutaxassislar bilan kelishilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligiga joriy yil yakuniga qadar «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi (I.Haydarov) Uyushmaning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m ajratadi.

Bunda mazkur mablag‘lar Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi a’zolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari a’zolariga ish haqi to‘lash, shuningdek, Paxtachilik kengashiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasining «Paxtasanoat ilmiy markazi» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berildi:

  • Markazni Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi etib belgilash;
  • Paxtachilik kengashining sohaga doir ko‘rsatma va tavsiyalariga asosan Markaz faoliyatini takomillashtirib borish;
  • Paxtachilik kengashi raisini Markaz Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish.