3−6 iyul kunlari Marokkoda bo‘lib o‘tgan ICESCO islom olamining X sessiyasida Buxoroda joylashgan 7 ta madaniy meros obyektlari Islom olamining madaniy merosi ro‘yxatiga olindi. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu ro‘yxatga — Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor-Bakr va Bahouddin Naqshband majmualari, Mag‘oki Attor masjidi, Poyi kalon ansambli, qadimgi Poykent shahri qoldiqlari va Toshsaroy madrasasi kiritildi. Tegishli sertifikatlar ICESCO direktori Salim Al Malik tomonidan topshirildi.

«Yurtimiz tarixiga oid obidalarning ICESCO ro‘yxatiga olinishi boy madaniy merosimizni butun dunyoga targ‘ib etishda, xususan, Islom olamida madaniyatimiz yanada tanilishida katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston hududi tarixan Islom rivojiga katta hissa qo‘shgan o‘lka hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Madaniy meros agentligi O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlarini, xususan Islom dini va madaniyat rivojida katta o‘rin tutgan obidalar targ‘ibotini yuritish hamda madaniy merosni saqlashda xalqaro grantlarni jalb etish uchun islomshunos olimlar ishtirokida xalqaro konferensiya va amaliy uchrashuvlar tashkil etishni rejalashtirgan.

Avvalroq Madaniy meros agentligi Chor-Bakr majmuasini YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritish choralarini ko‘rayotgani ma’lum qilgan edi. Xabarda «mutaxassislar ishtirokida ilg‘or va yuqori texnologik uskunalardan foydalangan xolda nomzodlik hujjatlari tayyorlanib, belgilangan tartibda YUNESKO Umumjahon merosi markaziga taqdim etilgani» ta’kidlangan.