Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «FRESH FOOD 2020» oilaviy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida 37 kishi «nonburger»dan zaharlanishi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Andijon viloyati prokuraturasi xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan 07 iyul kuni Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prokuratura umumiy hisobda zaharlanishdan 27 kishi shifoxonaga shikoyat qilgani va ularga «o‘tkir gastroenterit» tashxisi qo‘yilganini qayd etmoqda. SSV va SES xabarlarida esa ular 37 kishi ekanligi ta’kidlanmoqda.

SSV bemorlar salomatligi va sanitariya holatini o‘z nazoratiga oldi. «Ayni paytda shifoxonada davolanayotgan 17 nafar bemorning holati stabil. Ularda belgilangan standartlar bo‘yicha davo muolajalari davom ettirilyapti», — deyiladi xabarda.

Zudlik bilan bu korxonaga qarashli 3 ta ovqatlanish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Taom tayyorlash xonasi va omborxonadagi mahsulotlardan namuna olinib, Qo‘rg‘ontepa tumani sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyasiga tekshirish uchun yuborilgan, deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, JKning mazkur moddasiga ko‘ra, gumonlanuvchilarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari xavf solmoqda.