O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi, deb xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Prezident sohadagi yutuqlarni sanab o‘tar ekan, hali ham kamchiliklar mavjudligi, birinchi navbatda, loyihalash va sifatni ta’minlashda borligini ta’kidladi. «Hamma qurilish bilan bo‘lib, arxitektura orqada qolib ketdi», — dedi u.

Xususan, ko‘p joylarda ilgari tasdiqlangan bosh rejalar aholi va iqtisodiyotning bugungi o‘sishiga mos kelmaydi. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, bosh rejalar bo‘lmasa, 2030 yilga borib, infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi va qishloq xo‘jaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.

Yig‘ilishda hududlarning bosh rejasi va master rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashi tuzilishi haqida qaror qabul qilindi. Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari maqomi bilan bosh arxitektor lavozimi joriy etiladi.

Hududlarda viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosari va bosh arxitektor boshchiligida loyiha ofislari ochiladi. Tuman va shahar qurilish bo‘limiga arxitektor rahbarlik qiladi.

Bosh reja va master rejani ishlab chiqish 3 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, Respublika kengashi muayyan viloyatning 5, 10 va 20 yillik rivojlanish yo‘nalishlari, yer va infratuzilma chegaralarini belgilaydigan bosh sxemasini tasdiqlaydi.

Ular asosida, ikkinchi bosqichda, hududning bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bunda sanoat, xizmat ko‘rsatish va aholi maskanlarini belgilash, yo‘llar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko‘zda tutiladi.

Uchinchi bosqichda, bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari hamda hokimning birinchi o‘rinbosarlari o‘z hududining master rejalarini tasdiqlaydi. Bunda uy-joylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining joylashuvi ko‘rsatiladi.

Endi Qurilish vazirligi qaysidir mahallada do‘kon qayerda bo‘lishi yoki bino qanday yoritilishi bilan shug‘ullanmaydi. Bunday masalalar tuman va mahalla darajasida hal bo‘ladi.

Bundan tashqari, xalqaro standartlar asosida tayyorlangan loyihalarga texnik kengash xulosasini olish tartibi bekor qilinadi, xorijda ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va qurilish vaziri Botir Zokirov.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, qurilishda tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish tizimi ham tartibga solinmagani va ishlarni baholash bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘qligi sababli «talon-toroj va korrupsiya ko‘p».

Shu bois shaharsozlik me’yorlaridan qurilish ishlarini baholash bilan bog‘liq 147 ta norma chiqarib tashlanadi. «Qurilish resurslari klassifikatori» platformasi ishga tushirilib, 100 mingdan ziyod qurilish materiallari va xizmatlarining bozor narxi shakllantiriladi.

«Shaffof qurilish» dasturida loyihalarni tayyorlash muddatini kamaytirish maqsadida ijtimoiy obyektlarning namunaviy loyihalarining elektron katalogi yaratiladi. Undan barcha buyurtmachilar va loyiha-pudrat tashkilotlari erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Prezident viloyat hokimliklari qoshidagi Yagona buyurtmachi kompaniyalariga xorijiy menejerlar, malakali arxitektor va muhandislarni jalb qilish, qurilish jarayoni va ish hajmini hisoblashni raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

2023 yildan boshlab Yagona buyurtmachi kompaniyalarning loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish, yangi qurilishlar bo‘yicha texnik nazorat qilish funksiyalari bosqichma-bosqich autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi.

Prezident qurilishlar sifati haqida gapirar ekan, ushbu sohada alohida davlat nazorat inspeksiyasi faoliyat yuritayotganini, uning xodimlari esa «asosiy vazifa ko‘proq jarima qo‘llash» deb tushunishini tanqid qildi. Ko‘pincha qurilishdagi kamchiliklarning 70 foizi takrorlanadi va ularning oldini olish mushkul emas.

Shavkat Mirziyoyev inspeksiya faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, uning faoliyatini qurilishdagi tizimli kamchiliklar sabablarini tahlil qilish va bartaraf etishga qaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Qurilish vazirligiga obyektlarni ro‘yxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish vazifasi yuklatildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratilar ekan, Toshkent va Samarqanddagi arxitektura institutlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi aytildi. Ularda o‘qish xalqaro ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar yetakchi loyiha-qidiruv institutlari va qurilish klasterlariga biriktiriladi.