O‘zbekistonda amaldagi haftalik ish kunlarini to‘rt kungacha qisqartirish taklif etilmoqda. Mazkur taklif Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan jamoatchilik kengashi yig‘ilishida bildirildi.

Avvaliga Daryo nashrida e’lon qilingan mazkur xabar oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan saytdan, shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan ham o‘chirildi. Choranba kuni kechga yaqin xabar joyiga qaytarilgani haqida ma’lum qilishdi.

Yig‘ilishda Adxam Bekmurodov butun dunyo, xatto Buyuk Britaniya ham to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazganini ta’kidladi.

«Biz esa hali yakshanba kuni [dam olishga] kurashib, erisha olmayapmiz. Shuning uchun bir yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Mehnat unumdorligi yetti kun ishlaganimizdan keyin, sakkizinchi kunda qanday bo‘ladi?», — dedi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori.

Adham Bekmurodov. Foto: Daryo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, markaziy davlat idoralari va uning hududiy boshqarmalari o‘rtasida 500 dan ortiq bir-birini takrorlaydigan funksional vazifalar mavjud. U misol tariqasida ayni bir vazifani uchta organda ham qilinishini aytdi.

«Mehnat unumdorligi 8 soatda davlat idorasi xodimi uchun qanaqa intensiv bo‘lishi kerak va shundan kelib chiqib, uni xronometraj qilish kerak. Masalan, bir kunda u nima ish qilayapti? Bu savolni ko‘tarsak, darrov bizga e’tirozlar bo‘ladiki, o‘zi o‘tirgan odamlarning foydasi bormi? Biz foydasi bor yoki yo‘qligini baholashimiz kerak. Bu yerda keyin topshiriq beruvchi va ijrochi o‘rtasida disproporsiya boshlanadi», — dedi u.

Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga murojaat qilib, vazirlik shu masalani o‘rganib chiqsa ayni muddao bo‘lishini bildirdi.

«Vazirlik har bir tashkilotdagi shtatlarni o‘rganib chiqsa, tashkilotlarda boshqaruvchi va uning o‘rinbosari, uchta bo‘lim boshlig‘i va oxirida bir yoki ikki nafar xodim bo‘lib chiqadi. Shu xodim tepasida esa besh yoki olti nafar rahbar bor. Tan olish kerak, bizda xodimning oylik maoshini oshirish uchun uning lavozimini ko‘tarishga urinamiz», — dedi Adxam Bekmurodov.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning mart oyida bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda davlat va xususiy sektorda 6 kunlik ish haftasidan 5 kunlikka o‘tish mumkin yoki yo‘qligi haqida fikr bildirgandi.

«Oxirgi paytda ish o‘rinlari 98 foiz tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilayapti. Agar bizdagi tadbirkorlik subyektlari o‘z ish faoliyatini xalqaro normalarga moslashtirish yoki ishlab chiqarish rejalarini dasturlashsa [ 5 kunlik ish haftasiga o‘tishi mumkin]. Albatta buni vaqt ko‘rsatadi. Buni birdaniga qilib bo‘lmaydi», — degandi vazir.

Ta’kidlanishicha, buni ayrim sohalarni tanlab olib, amaliyotga tadbiq etish mumkin. «Bir vaqtlar maktablarimizda shanba kunlari [xodimlarni] ishlatmaylik degan masalalar ko‘tarilgandi, lekin bu yerda agar farzandlarimiz biron-bir ta’lim sohasiga bormaydigan bo‘lsa, demak ota-onasining bandligini o‘ylashimiz kerak. Ayrim holatlarda ota-onalar shanba kuni ham ishlashadi. Fanzandi uyda bo‘lsa, qarovchisi bo‘lmasa, ertaga qanday qilishimiz kerak, degan savol tug‘iladi. Shuning uchun ham hamma tomonlarini o‘ylab, qandaydir sohalarni tanlab olib, qilishimiz mumkin», — deya qo‘shimcha qilgandi Nizom Xusanov.