O‘zbekistonda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarga berilgan 80 ta litsenziyaning 71 tasi bekor qilingan, 12 ta korxonaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda 5 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Zohid Asqarov ma’lum qildi (video).

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda xorijda bandlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi litsenziyaga ega 6 ta xususiy bandlik agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Hammasi bo‘lib 9 ta xususiy agentlik litsenziyasiga ega, 2 ta litsenziyaning amal qilishi jamg‘armadagi zaxira mablag‘lari to‘ldirmaganligi bois olti oyga to‘xtatilgan, yana 1 ta agentlikning litsenziyasi mijozlarning murojaatlari bo‘yicha 10 kunga to‘xtatib qo‘yilgan.

Hammasi bo‘lib 80 ta xususiy bandlik agentligiga litsenziyalar berilgan bo‘lib, ulardan 71 tasi qonunchilik talablariga rioya etmaganligi sababli bekor qilindi (59 tasi — kompaniyalar ma’lumotlariga ko‘ra, 12 tasiga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan).

Xususiy agentliklar hammasi bo‘lib 4203 nafar mehnat migrantini chet elga jo‘natgan. Joriy yilning 6 oyi davomida 318 nafar fuqaro ularning xizmatlaridan foydalanib xorijga ketgan, shundan 47 nafar migrant turli sabablarga ko‘ra vatanga qaytgan.

Zohid Asqarov fuqarolarni biror bir agentlik xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha qaror qabul qilishdan avval, uning xorijda ishga joylashtirish uchun litsenziyasi bor-yo‘qligini Mehnat vazirligi saytidan tekshirishga chaqirdi.

U kompaniyalarning insofsizligi haqida ko‘plab shikoyatlar bo‘layotganini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda xohlovchilarga Buyuk Britaniyada qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlar taklif etilayotgan e’lonlarni misol qilib keltirdi. «Ish beruvchilar» murojaat etuvchilardan ko‘rsatgan xizmatlari uchun 1−2 million so‘mdan 1500−2000 dollargacha pul talab qilib, hujjatlar va pullarni qabul qiladi va keyin mijoz aldanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari fuqarolardan ko‘rsatgan xizmatlari uchun pul talab qilishga haqli emas, ular ko‘rsatgan xizmatlari uchun barcha summalarni mehnat migrantini qabul qilayotgan ish beruvchidan olishlari shart, deb ta’kidladi Mehnat vazirligi vakili. Ko‘pgina agentliklar o‘zlarini konsalting kompaniya sifatida ko‘rsatib, bu orqali maslahatlar uchun katta to‘lov talab qilmoqdalar, biroq bu to‘lov BHMning bir baravari qiymatidan (300 ming so‘mdan) oshmasligi kerak, dedi Zohid Asqarov.

Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijda vaqtinchalik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan mehnat migrantlari soni 1 mart holatiga ko‘ra 2,346 mln kishini tashkil etadi, ulardan 568,5 ming nafari (24,1 foiz) ayollar, 827,1 ming nafari (35,1 foiz) yoshlardir.

Bundan tashqari, ularning 1,5 mln nafari Rossiya, 366,3 ming nafari Qozog‘iston, 144,7 ming nafari Turkiya, 47,4 ming nafari Janubiy Koreya, va 348,1 ming nafari boshqa davlatlarda mehnat faoliyatini olib bormoqda.