5 iyul kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqaroni mashinalar urib ketdi. Bu haqda shahar IIBB xabar berdi.

Voqea taxminan soat 00:05 larda Shota Rustaveli ko‘chasida sodir bo‘lgan. Haydovchi 1979 yilda tug‘ilgan Z.Yu. «Hyundai Santa Fe» rusumli, davlat raqam belgisi 01 M 014070 bo‘lgan avtomashinada harakatlanib, belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.

Zarba natijasida piyoda yiqilgan va bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan, haydovchi 1983 yilda tug‘ilgan M.X. boshqaruvidagi «Toyota» rusumli avtomashina tagida qolib ketgan.

Natijada piyoda, 1980 yilda tug‘ilgan V.S. olgan tan jarahatlari natijasida voqea joyida vafot etgan. Uning oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz.

Mazkur holat yuzasidan JKning 266-moddasi 2-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, bunda ayblanuvchi muayyan huquqdan mahrum qilinib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.