Ukrainada bo‘layotgan mojarolar nafaqat yuzlab insonlarning umriga zavol bo‘lmoqda, balki butun dunyodagi vaziyatni — ham geosiyosiy, ham iqtisodiy jihatdan yomonlashtirmoqda, deb yozadi The Washington Post o‘zining Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro va uning yechimlari haqidagi maqolasida. «Gazeta.uz» ushbu maqolaning tarjimasini e’tiboringizga havola etadi.

Ukrainadagi mojaro har kuni yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda, dunyodagi ochlik muammosini chuqurlashtirmoqda, gaz narxining va inflyatsiya darajasining o‘sishiga sabab bo‘lib, G‘arb va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirmoqda. Buni iloji boricha tezroq yakunlash zarur. Shubhasiz, bu ish oson bo‘lmaydi, ammo urinib ko‘rish kerak.

Ta’kidlash joizki, Ukrainaning taqdirini hal qilish huquqiga faqat uning o‘zi ega. AQSh va uning ittifoqchilari unga shartlar aytib qo‘ymasligi kerak. Biroq bu G‘arbga muzokaralarni yaqinlashtirish uchun harakat qilishi kerak emas degan ma’noni bermaydi. G‘arb tarix saboqlari va jamoaviy tajriba asosida g‘oyalar taklif qilishi mumkin.

Tinchlik sari har qanday harakat jang maydonidagi hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda shu yoz yoki kuzda tuziladigan kelishuv bilan boshlanishi mumkin.

Bunday holda, yaqin kelajakda Kreml hozirda o‘zi egallab turgan hududlarning ko‘p qismini, ya’ni mamlakat sharqi, Qrim yarimoroli va ular orasidagi quruqlik yo‘lagi ustidan nazoratni saqlab qoladi. Tomonlar doimiy chegaralar bo‘yicha kelishuvga erisha olmaydi. Kiyev va G‘arb davlatlari bahsli hududlar Ukrainaga tegishli degan prinsipial pozitsiyasiga amal qiladi. Ehtimol, ular Vladimir Putinning o‘rniga keladigan Rossiyaning bo‘lajak rahbari vaziyatni ular tasavvur qilganidek ko‘radi va nihoyat yerlarni ukrainaliklarga qaytarib beradi, degan umidda o‘zlariga tasalli berishar — ehtimol bu 2030 yillarda, Putin nihoyat hokimiyatni tark etganida sodir bo‘lar.

Ungacha esa Moskva sanksiyalarga duch kelaveradi. Biroq Putin uchun rag‘bat sifatida G‘arb kelishuvga erishilgan taqdirda cheklovlar kuchaytirilmasligi va kengaytirilmasligiga ishora qilishi mumkin (masalan, Yevropaga gaz eksportini to‘sib qo‘ymasligiga kafolat berishi mumkin). Ehtimol, Ukrainada kelishuv shartlariga rioya etilishini nazorat qilish uchun xalqaro kuzatuv missiyasi joylashtirilishi mumkin va bu, agar Putin hujumni davom ettirishga qaror qilsa uning ishini qiyinlashtiradi.

Ehtimol, bugungi kunda Ukraina bunday vaqtinchalik kelishuvni qabul qilishga hali tayyor emasdir. Ammo Kiyev yana bir necha hafta yoki oy davom etgan shiddatli janglardan so‘ng, xatto ilg‘or G‘arb qurollari, jumladan HIMARS raketa tizimlari yordamga yuborilganidan keyin ham, hozir Rossiya egallab turgan hududlarni qaytarib olishga bo‘lgan urinishlari samarasiz bo‘lganini anglagach, o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkin.

So‘ng, kelishuv imzolangach, tomonlar uzoq muddatli yechimni topish uchun darhol muzokaralarni boshlashlari mumkin. Jarayon qisqa muddatli istiqbol nuqtai nazaridan muvaffaqiyatli yakunlanishi dargumon bo‘lsa-da, bunday harakatlar variantini ko‘rib chiqish asosli bo‘ladi. Muzokaralar davom etar ekan, G‘arb Ukrainaga moddiy yordam ko‘rsatishda davom etishi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar saqlanib qolishi kerak.

Yaqinda Genri Kissinjer har qanday kelishuv Kiyevdan hududiy masalalar bo‘yicha yon berishni talab qilishini aytib, biroz xavotir uyg‘otdi. 99 yoshli davlat arbobining so‘zlari kimgadir qattiq tuyulgan bo‘lishi mumkin, ammo u tahlil qilinishi kerak bo‘lgan masalani ko‘tardi. Faqat Ukraina hududining bir qismini Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tishini ko‘zda tutadigan yo‘llarni ko‘rib chiqish kerak emas. Bundan tashqari yana uch xil yondashuv mavjud — va uchalasini ham, gap qaysi qism haqida ketayotganiga qarab, amalga oshirish mumkin.

Birinchi yo‘l bahsli hududlarning suvereniteti masalasi bo‘yicha referendumni o‘z ichiga oladi — referendum, albatta, «sovutish davri»ga olib kelishi kerak. Saylovchilar Ukraina tarkibida qolish, Rossiyaga qo‘shilish yoki mustaqil bo‘lishni istashlarini hal qilishlari kerak. Shuni ta’kidlash kerakki, bu ssenariy Rossiya 2014 yil mart oyida Qrim yarimorolini qo‘lga kiritgan harbiylar qo‘llagan har qanday «sahna ko‘rinishlari» va manipulyatsiyani istisno qiladi. Haqiqiy referendum xalqaro kuzatuvchilarning ishtirokini talab qiladi va hatto jangovar harakatlar tufayli bahsli hududlarni tark etishga majbur bo‘lgan fuqarolar ham unda ovoz berish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Bunday yondashuvning natijalarini Kosovo, Sharqiy Timor, Janubiy Sudan va boshqa bir qancha mamlakatlarda ko‘rish mumkin.

Ikkinchi yo‘l esa, aslida ham Ukraina, ham Rossiyaning bir qismi bo‘ladigan avtonom zonalar yaratishni nazarda tutadi. Bu g‘oya 1990 yillarda serblar, xorvatlar va bosniyaliklar bir-biri bilan qattiq kurashishiga sabab bo‘lgan — Bosniyadagi Brchko kabi hududlarda natijasini ko‘rsatdi. Ehtimol, bu yondashuv Mariupol va mamlakat sharqidan Qrimga olib boradigan «quruqlik yo‘lagi» ni tashkil etuvchi boshqa hududlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkindir.

Uchinchi yo‘l shunchaki qiyin vaziyatlarni ortga surishga imkon beradi. Unga ko‘ra, ikki tomonlar (Rossiya va Ukraina) bir muddat o‘zaro kelishmaslikka «kelishib olishlari» kerak bo‘ladi. Rossiya hududlarning bir qismi ustidan nazoratni saqlab qoladi, Ukraina bu yerlar hali ham unga tegishli ekanligini ta’kidlaydi va tomonlar kelajakda o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqish uchun muzokaralar bo‘yicha kelishib olishga harakat qiladilar. Tarixdan bunga o‘xshash holat sifatida shuni ko‘rishimiz mumkinki, G‘arb davlatlari Boltiqbo‘yi davlatlarining Sovet Ittifoqi tomonidan annekciya qilinishini hech qachon tan olmagan va G‘arb yarim asr davomida, Sovuq urush tugab, Estoniya, Latviya va Litva mustaqillikka erishmaguniga qadar bu pozitsiyada turdi.

Shuni ta’kidlash kerakki, har uchala yondashuv ham u yoki bu tarzda qo‘llanilgan taqdirda ham, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar juda qiyin bo‘ladi. Ammo nazariy jihatdan, kelgusi bir necha hafta ichida, ehtimol, yozning oxirigacha kelishilgan va qabul qilinadigan namunani taklif qilish va muhokama qilish mumkin bo‘ladi. Muqobil yo‘l — potensial cheksiz, dahshatli harbiy mojaro — bu shu qadar qabul qilib bo‘lmaydigan holatki, biz Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan hamkorlikda muloqotni boshlashga harakat qilishimiz kerak, — deyiladi The Washington Post maqolasida.

Maqola Brukings institutining katta ilmiy xodimi va tashqi siyosat bo‘yicha direktori Maykl O’Xenlon tomonidan yozilgan.