26 iyundan buyon Qoraqalpog‘istonda mobil internet, 1 iyuldan esa statsionar internetda muammolar yuzaga kelgan. Poytaxt Nukus shahrida va respublika tumanlarida deyarli hamma joyda to‘lov terminallari, naqd pul berish uchun bankomatlar ishlayotgani yo‘q, naqd pulsiz hisob-kitob qilishning imkoni yo‘q, internet yordamisiz olib bo‘linmaydigan davlat va boshqa xizmatlar ko‘rsatilmayapti.

Ushbu cheklovlar Konstitutsiyada Qoraqalpog‘iston maqomini o‘zgartirish nazarda tutilgan loyiha e’lon qilinganidan keyin o‘rnatildi. Odamlar o‘zgartishlarga qarshi murojaatlarni internetga joylashtira boshladi. Oradan bir hafta o‘tmay, Nukusda ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Nukusga kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zgartishlar qabul qilinmasligini aytdi. Qaror Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ham tasdiqlandi. Nukusda vaziyat barqarorlashdi. Ammo internetga kirish cheklanganligicha qolmoqda.

29 iyun kuni «Gazeta.uz» Ucell va Mobiuz texnik yordam xizmati bilan bog‘langanida, 26 iyun kuni asosiy ma’lumotlarni uzatish kanalida yuzaga kelgan muammolar haqida xabar berildi. Ucell bu muammo hududdagi abonentlarning 90 foiziga ta’sir qilgani va barcha uyali aloqa operatorlari ishiga ta’sir ko‘rsatganini bildirdi. Muammolar qachon hal qilinishi aytilmadi. Mobiuz regulyator tomonidan cheklovlar kiritilganini rad etib, yuqoridagi ma’lumotlarni takrorladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati so‘rovimizga javoban magistral tarmoqdagi nosozliklar haqida ma’lumotlar kelib tushmaganini ma’lum qildi. «O‘zkomnazorat» inspeksiyasi esa ularda ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

30 iyun kuni Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan abonentlar uyali aloqa operatorlaridan «havo haroratining yuqoriligi» sababli internetda cheklovlar mavjudligi haqida xabar olishgan.

3 iyul kuni «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov Nukusda edi. U internetning o‘chirilishi odamlar hayotiga qanday ta’sir etayotgani va huquqlarini cheklab qo‘yayotganiga shaxsan guvoh bo‘ldi.

«Operator mobil ma’lumotlarni uzatishni vaqtincha o‘chirib qo‘ydi»

3 iyul kuni ertalab Nukus xalqaro aeroportiga qo‘ndim. Soat 8:48 da samolyot qo‘nayotganda Uzmobile operatori xuddi Beeline singari telefonga mobil ma’lumotlar uzatish vaqtincha o‘chirib qo‘yilgani haqida xabarnoma yubordi. Faqatgina telefon qo‘ng‘iroqlari va SMS xizmati mavjud edi.

Shahar bo‘ylab sayohat qilish uchun avvalroq Toshkentda Maps.me ilovasiga Nukusning oflayn xaritasini yuklab olgandim.

Maps.me oflayn xaritasi.

Parvozga qadar nukusliklar menga internet qisman 2G yoki Edge orqali ishlashini aytishdi. Buning uchun telefon sozlamalarida ulanishni «faqat 2G» rejimiga o‘tkazish kerak. Ushbu rejimdagi ma’lumotlar uzoq kechikish bilan uzatiladi. Telegram`da odatda bir necha soniya ichida jo‘nab ketadigan xabar manzilga 10−30 daqiqa yoki undan ko‘proq vaqt ichida yetib borishi mumkin. Kichik o‘lchamdagi fotosuratni yuborish uchun esa 3 soat vaqt ketdi.

Yakshanba, tartibsizliklar yakunlanganining ertasiga, favqulodda holat joriy etilgan birinchi kunda deyarli barcha do‘konlar, savdo markazlari, kafe va restoranlar, ayniqsa, asosiy ko‘chalar bo‘ylab yopiq edi. Oziq-ovqat do‘konlarini shahar chekkasida yoki aholi turar joylari orasidangina topish mumkin edi.

«Faqat 2G» rejimi.

Men suhbatlashgan aholining aksariyati buni internet yo‘qligi sababli mobil to‘lovlar, terminallar ishlamayotgani bilan izohladi. Ammo yangi norozilik namoyishlari ehtimoli tufayli do‘konlar xavfsizlik nuqtai nazaridan yopilganini aytganlar ham bor edi. Shu bilan birga, kun davomida shaharda birorta ham zararlangan bino yoki do‘konni uchratmadim.

Aksariyat bankomatlar orqali naqd pul olish imkoniyati ham mavjud emas edi. Shu sababli, aholining oziq-ovqat va dori-darmon sotib olish imkoniyati yo‘q, chunki ko‘pchilik ish haqini to‘liq (100 foiz) kartada oladi.

Payme, Click, Apelsin va boshqa to‘lov xizmatlari orqali xizmatlar uchun to‘lash ham deyarli imkonsiz. Ba’zi do‘konlar Click`dan USSD buyruqlar orqali to‘lovlarni qabul qilardi.

Nukus aeroporti yaqinidagi Miymandos ko‘chasida ikki farzandli oilani uchratdim. Ayolning aytishicha, 2 iyul kuni ular uyda bo‘lgan. O‘sha kuni shovqinli granatalar portlashi va o‘qlarning ovozi tufayli mazasi bo‘lmay qolgani uchun u valerianka ichgan. Bolalar ham avvaliga qo‘rqib ketishgan, lekin keyinroq portlash tovushlariga taqlid qilib, urush-urush o‘ynashni boshlagan.

«2 iyul kuni kechqurun internet ishlay boshlaganida, men biroz tinchlandim. Lekin Humo kartalari ishlamayapti, do‘kondan qarzga oziq-ovqat olyapmiz. Uzcard ham ishlamayapti. Maoshimizni plastik kartaga olamiz. Pullarni naqdlashtirish kerak, lekin bankomatlar hamma joyda ham ishlamayapti», dedi u.

Markaziy bozor yaqinidagi bankomat. «Vaqtinchalik ish faoliyatida emas» yozuvi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini oladigan uch tanishi shanba kuni oziq-ovqat olish uchun bozorga borishgan, lekin hech narsa olisholmagan va pullarni naqdlashtirolmagan.

Ayolning turmush o‘rtog‘i 1 iyul kuni soat taxminan 21:00 da statsionar internet (Wi-Fi) ham o‘chirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident 2 iyul kuni Nukusga kelganidan keyin internet bir necha daqiqaga «yoqilgan». O‘shanda oila Konstitutsiyaga Qoraqalpog‘istonning maqomi to‘g‘risidagi o‘zgartirishlar bekor qilinishini bilib olgan.

Erkak Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tashabbusi aslida Jo‘qorg‘i Kenes deputatlaridan chiqqaniga shubha qilmoqda.

U va keyinroq yana bir fuqaroning xabar berishicha, qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandan so‘ng Konstitutsiyaviy islohotlar komissiyasi rahbari Akmal Saidov go‘yoki o‘zgartishlarni muhokama qilish uchun Toshkentda sudyalar korpusi bilan uchrashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qoraqalpog‘istonlik sudyalardan biri Akmal Saidovni Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgarishi respublikada norozilikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. 1 iyul kuni Oliy sud matbuot xizmati ushbu uchrashuv haqida press-reliz e’lon qildi.

Nukus shahridagi Korzinka supermarketi.

Nukusdagi Markaziy bozor yaqinida joylashgan savdo qatorlarining aksariyati ishlamayotgandi. Korzinka supermarketi va Mediapark savdo majmuasi ham yopiq edi. Uning yonidagi «Hamkorbank» bankomatlari ham ishlamasdi. Ayni paytda boshqa bank bankomatidan pul yechish imkoniyati borligi uchun o‘sha yerda navbat hosil bo‘lgandi.

Tushlikdan keyin Toshkentga qaytish chiptasini olmoqchi bo‘ldim, lekin aloqa yo‘qligi sababli aviakassa yopildi. Aeroport oldidagi IIO xodimi aeroport kassalari ham ishlamayotgani, Nukusdan uchish uchun Toshkentga qo‘ng‘iroq qilib, tanishlardan qaytish chiptasini olib berishlarini so‘rash kerakligini aytdi. Men aynan shunday qildim.

Shahar chetidagi «Kos Kol-4» mahallasida joylashgan tergov izolyatoriga borganimdan so‘ng markazga taksi olib qaytmoqchi bo‘ldim. Cobalt haydovchisi meni aytgan manzilimga olib borishga rozi bo‘ldi, lekin oxirgi daqiqada men suhbatlashgan ayollar yugurib kelishdi. Ular haydovchiga ishonmasliklari va uning IIB xodimi bo‘lishi mumkinligini aytib, mashinadan tushishimni so‘rashdi. Bunga javoban haydovchi haqiqiy qoraqalpoq ekanligini aytib, mening xavfsizligimga kafolat berdi.

Ammo uning so‘zlari negadir xavfsizligimdan xavotirda bo‘lgan ayollarni ishontira olmadi. Menga sariq taksi topib bermoqchi bo‘lishdi, lekin oxir-oqibat yo‘l chetida turgan Matiz haydovchisiga rozi bo‘lishdi.

Yo‘lda haydovchi aslida payvandchi ekanligini, biroq internet yo‘qligi sababli Telegram orqali xizmatlarini targ‘ib qila olmasligini aytdi. U uyida bir hafta buyurtmasiz o‘tirgan, pul tugay boshlagach, taksichi bo‘lib ishlash uchun mashina ijaraga olgan.

Taksidan ko‘rinish. Ko‘chaning bir qismi harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa tanishlari ham vaqtincha taksi haydovchisi bo‘lishgan, chunki aloqaning cheklangani ularning asosiy ishlariga salbiy ta’sir qilgan.

«Bu yerda hamma narsa qiyin — odamlar qiynalmoqda… Namoyishlar chog‘ida ko‘pchilik o‘z yaqinlarini yo‘qotdi. Biz bunchalik bo‘ladi deb o‘ylamagan edik», — dedi u.

Haydovchi ruxsat beruvchi idoralar ham yopiq bo‘lgani uchun yo‘l qog‘ozisiz kiraga chiqishga majbur bo‘lganini aytdi. «Putyovka» yo‘qligi uchun 5 BHM (1,5 mln so‘m) miqdorida jarima solinishi mumkin, dedi u.

«Men seni 15 ming so‘mga olib boraman, lekin 1,5 mln so‘m jarima to‘lash xavfi bor… Lekin majburman, chunki oilamni boqishim kerak. Ishonasanmi, hozir uyda 100 ming so‘m ham yo‘q», — dedi.

Haydovchi yo‘lda turmush o‘rtog‘i saqlanishi mumkin bo‘lgan tergov izolyatoriga borib, uyiga ketayotgan yana bir yo‘lovchi ayolni oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eri uyga ketayotgan bo‘lsa-da, namoyishlar paytida hibsga olingan. Ayol erining tirik yoki yo‘qligini ham bilmaydi.

«Qizim uyda qoldi, men o‘zim nogironligim tufayli ishlamayman. Biz faqat uning maoshiga yashardik, endi esa kvartiraning pulini to‘lashimiz kerak. Bizda oziq-ovqat uchun pul yo‘q. Plastik kartaga sotib ololmaymiz, chunki terminallar ishlamayapti», — dedi u.

Ko‘p chorrahalarda svetoforlar ishlamay qolgan. Namoyishlar paytida ajratuvchi panjaralarning bir qismi demontaj qilingan.

Ayol manziliga yetib borgach, haydovchiga qancha pul berishini so‘radi. Haydovchining aytishicha, bunday vaqtda odamlardan belgilangan miqdorni so‘rash unga qiyin bo‘lgan.

«Bugun biz odamlardan qo‘shimcha pul so‘ray olmaymiz. Hozir hamma uchun qiyin. Qo‘lingdan kelganicha ber», — dedi. Ayol unga 5000 so‘mlik uzatdi.

Haydovchi 3 iyul kuni yana miting bo‘lishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar haqida gapirdi, chunki prezident Nukusda televideniye orqali ko‘rsatgan nutqida Konstitutsiyaning o‘zgartirishlarsiz qoldiriladigan 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini sanab o‘tgan, lekin 73-moddani aytmagan.

Men 73-moddani shundoq ham o‘zgartirish rejalashtirilmaganini tushuntirdim. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning maqomi bilan bog‘liq biror bir modda ham respublika aholisining roziligisiz o‘zgartirilmasligini ta’kidladi.

Markaziy bozor yonidagi savdo shoxobchasi.

73-moddada Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududi va chegaralari uning roziligisiz o‘zgartirilishi mumkin emasligi, Qoraqalpog‘iston o‘zining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qilishi belgilangan.

Tulepbergen Qayipbergenov ko‘chasida, Igor Savitskiy nomidagi san’at muzeyi yonida kun bo‘yi birinchi marta ishlab turgan umumiy ovqatlanish shoxobchasini topishga muvaffaq bo‘ldim. Kafe ma’muri dastlab kafe faqat yetkazib berish uchun ishlayotganini aytdi, lekin keyin u meni zalga kiritishga rozi bo‘ldi.

Savitskiy muzeyi.

Muassasa yonidagi ko‘chaning bir qismi harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yilgan, ular ham kafega kirishardi. Ofitsiantlar ularning biridan Nukusdagi bu holat qancha davom etishini so‘radi. Harbiy xizmatchi: «Yana bir hafta bo‘lsa kerak», deb javob berdi va: «Ikki kundan keyin bo‘lsa ham yaxshi bo‘lardi, biz ham uyga qaytardik», deb qo‘shib qo‘ydi.

Nukusdagi mehmonxonalar ham mehmonlarni faqat naqd pulga qabul qilyapti. Mehmonxona yonidagi do‘kon terminal orqali to‘lovni qabul qila oldi, biroq sotuvchining qo‘shimcha qilishicha, qurilma aloqa sifati pastligi tufayli doimiy uzilishlar bilan ishlamoqda.

Nukuslik Azamatning aytishicha, internetning cheklanishi haqiqatda hayotning boshqa sohalariga ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. U misol tariqasida bank xizmatlari, kredit olish yoki to‘lash, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, transport, soliq, litsenziyalash, tadbirkorlik va boshqa sohalarni qamrab oluvchi yuzlab davlat xizmatlarini keltirdi.

Uning eslatishicha, tadbirkorlar 15 iyulgacha soliq va boshqa hisobotlarni yuborishlari kerak, biroq bu vaqtgacha internet ishlaydimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas.

Bundan tashqari, «Gazeta.uz»ga kredit va boshqa to‘lovlarni to‘lashdagi muammolar yuzasidan murojaat kelib tushdi. Arizachi favqulodda holat muddati uchun foizlar va kechiktirilgan to‘lovlar undiriladimi yoki yo‘qligini so‘radi. Tahririyat Markaziy bankka so‘rov yubordi va javob kutmoqda.

Shuningdek, «Gazeta.uz» Humo va Uzcard to‘lov tizimlari hamda Payme, Click va Apelsin to‘lov xizmatlaridan qancha to‘lovlar muomaladan chiqib ketgani va umuman olganda, internet cheklanishi ularning respublikadagi faoliyatiga qanday ta’sir qilgani haqida ma’lumot berishni so‘radi. Javobni olsak, e’lon qilamiz.

Internet o‘chirilishining odamlar hayoti va huquqlari uchun oqibatlari

23 iyun kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi o‘z hisobotida «Internet o‘chirilishining odamlar hayoti va inson huquqlariga real ta’siri yetarlicha anglanmayotganligini» ta’kidladi. Hisobot davlatlarni internetni o‘chirib qo‘ymaslikka chaqiradi.

Aloqa kanallarini sekinlashtirish yoki to‘sib qo‘yish «minglab va hatto millionlab odamlarni yaqinlari bilan bog‘lanish, ishlashni davom ettirish yoki siyosiy munozaralar va qarorlar qabul qilishda ishtirok etishning yagona imkoniyatidan mahrum qiladi», deydi boshqarma.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiylar jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida internetga kirishni cheklashni ig‘vo va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishining oldini olish zarurati bilan oqlamoqda. Biroq, hisobotda ta’kidlanishicha, o‘chirishlar ko‘pincha teskari ta’sir ko‘rsatadi, «qo‘rquv va sarosimani kuchaytiradi, kelishmovchilik va mojarolar xavfini oshiradi».

Hisobotda aytilishicha, internetning o‘chirilishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy zarbalar ko‘pincha vaqt o‘tishi bilan seziladi hamda mavjud ijtimoiy va iqtisodiy tengsizliklarni yanada kuchaytiradi.

O‘zbekiston rasmiylari Qoraqalpog‘istonda internet cheklanishiga hozircha izoh bergani yo‘q.

Nukusda sodir bo‘lgan va sodir bo‘layotgan voqealarga oid boshqa «Gazeta.uz» materiallari quyida keltirilgan.