Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JISA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suguru Miyazaki boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda elchi Yoshinori Fujiyama bilan 2,76 mln dollar qiymatdagi kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar loyihalari doirasida Almashinuv notasi hamda ushbu loyihani bajarish bo‘yicha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JISA) bilan grant bitimi imzolandi.


Bitim doirasida kelasi yilda yana 18 nafar davlat xizmatchisiga Yaponiyada magistratura va doktoranturada o‘qish imkoni yaratilmoqda, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Yaponiya hukumati tomonidan 20 yildan ortiq vaqt mobaynida moliyalashtirilayotgan loyihalar doirasida, mamlakatning taniqli universitetlarida 378 nafar fuqaro tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi.

Ularning 343 nafari O‘zbekistonga magistrlik darajasi bilan qaytib, bugun xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilib kelmoqda. Bugungi kunda yana 35 kishi kunchiqar yurtda o‘qishini davom ettiryapti.