Bu haftada havo harorati Volga bo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massasi kirib kelishi hisobiga pasayadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

4 iyul — dushanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat kechqurun Toshkent viloyati bo‘yicha momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

Bugun kunning o‘rtasiga kelib, harorat +35…+37 darajaga yetadi. Respublika shimolida nam havo massasi kirib kelishi boshlanib, harorat +26…+31 darajagacha pasayadi.

Seshanba kuni havo massasi O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. Toshkent, Namangan viloyatlarida, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kunning birinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qolgan hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kunduzi +30…+35 darajadan oshmaydi.

4−5 iyul kunlari front o‘tishida ba’zi joylarda chang-to‘zonlari bilan shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim joylarida shamol 23−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

6 iyuldan 8 iyulgacha O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 6−7 iyul kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Havo harorati kechalari +17…+22 daraja, kunduz kunlari +30…+35 daraja atrofida, janubda harorat +37…+39 darajagacha bo‘ladi.