4 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Unda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Qozog‘iston prezidenti davlat rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istonda qonunga zid xatti-harakatlarga chek qo‘yish, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi, deyiladi xabarda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shu jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan ko‘p tomonlama va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.