«Gazeta.uz» Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusdagi vaziyat haqida reportajni e’lon qilgan edi. 1 iyul kuni adovkat va bloger Dauletmurat Tajimuratovning qo‘lga olinishidan keyin boshlangan va 2 iyulda davom etgan namoyishlar natijasida qon to‘kildi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 18 nafar kishi vafot etgani, 243 kishi, jumladan 38 nafar huquqni muhofazi qilish organlari xodimlari jarohatlanganini ma’lum qildi. 4 iyul ertalabiga 100 ga yaqin kishi shifoxonada bo‘lgan.

3 iyul kuni Nukusda bo‘lgan «Gazeta.uz» muxbiri Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Qoraqalpog‘iston filialiga tashrif buyurdi. Bedarak yo‘qolgan yaqinlarini izlayotgan odamlar ichki ishlar organlari va shifoxonalardan so‘ng bu yerga, yaqinlarini vafot etganlar orasida bo‘lmasligidan umid qilib kelmoqda.

«Hozir yaxshisi odamlarga tegmagan ma’qul»

Soat taxminan 13:20 larda markaz binosi oldida 25 nafarga yaqin odam bor edi, ular navbatma-navbat deraza oldiga kelishar va so‘nggi kunlarda bedarak yo‘qolgan yaqinlarining ma’lumotlarini aytishardi. Odamlar doim almashib turardi — ma’lumotlarni bergandan so‘ng ular yaqinlarini qidirishda davom etish uchun ketishardi, ularning o‘rniga boshqalar kelardi.

Markaz xodimi pasportdagi rasmlarni suratga olar, yo‘qolganlarning alohida belgilarini yozib olardi. «Qora shortik, oq futbolka», — dedi uning oldiga kelgan erkak. Bir daqiqa o‘tgach u qaytib keldi va futbolkada «TIP» yozuvi bo‘lganligini qo‘shimcha qildi.

Muxbirimiz o‘sha yerdagilardan izoh olishga harakat qilganida, unga rad javobini berishdi: «Toshkentdan kelganlar bizga yetib ortdi». Yana bir kishi intervyu olish uchun ertaroq kelish kerak bo‘lganligini aytdi.

«Hech kim kelmadi, hech kim odamlarga hech narsa haqida xabar bermadi. „Yong‘indan“ keyin intervyu olish nimaga kerak? Qanday yordam bermoqchisiz? O‘lganlarni tiriltira olasizmi», — dedi u va chetga o‘tdi.

Yana bir erkak muxbirga quyidagicha maslahat berdi: «Hozir xalq g‘azablangan. Hozir bu yerda turish kerak emas. Sen intervyu olmoqchisan, lekin kecha olish kerak edi… Yaxshisi ketganing ma’qul, bo‘lmasa senga ham tashlanib qolishlari mumkin. Hozir yaxshisi xalqqa tegmagan ma’qul», — dedi u.

Jurnalist morgda ukasini qidirayotgan nukuslik Zaif Muradov bilan gaplashdi. Ukasi 2 iyul kuni uydan chiqib ketgan va qaytib kelmagan. Erkak yaqinlari bilan birgalikda Nukus shahar IIO FMB va turli xil shifoxonalarda ma’lumot olishga harakat qilishgan, biroq uni topa olishmagan.

«U bu yerda emas deb umid qilyapmiz. O‘zimcha, ismi va familiyasini o‘zgartirgan va qayergadir ketib qolgan, deb o‘ylayapman», — dedi u.

2 iyul kuni Nukusga yetib kelgan prezident Shavkat Mirziyoyev respublika aholisi noroziligiga sabab bo‘lgan O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi to‘g‘risidagi moddalar o‘zgartirilmasligini ta’kidladi.

Erkak Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar bekor qilinganligi haqida faqatgina ertalab radio orqali xabardor bo‘lganligi aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kechqurun internet 10 daqiqaga yoqilgan, lekin hamma ham undan foydalanishga va yangiliklarni o‘qib olishga ulgurmagan.

«Gazeta.uz» sudmedekspertiza markazidagi vafot etganlar soni haqida ma’lumot ololmadi. U yerda prokuraturaga murojaat qilishimizni aytishdi. Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatida ham ma’lumotlarni taqdim etishmadi va bu bilan ma’lumotlarni yig‘ayotgan maxsus shtab shug‘ullanishi aytildi. Jurnalistning shtab uchun ma’lumotlarni SSV shakllantirish haqidagi ta’kidiga, matbuot xizmati xodimi ma’lumot yangilanib turishi mumkinligini, shuning uchun baribir shtabga murojaat qilish kerakligini aytdi.

Izolyator oldidagi hodisa


Aholining murojaatiga binoan «Gazeta.uz» muxbiri tergov izolyatori joylashgan shahar chekkasidagi «Kos Kol-4» mahallasiga yo‘l oldi. Murojaat qilgan fuqarolar qo‘lga olinganlarning katta qismi o‘sha yerda saqlanayotganligini ta’kidlashardi.

U yerda ma’muriy bino qarshisida 50−60 nafar odam to‘planib turgandi. Ayrim ayollarning qo‘llarida bolalari bor edi. obyekt shlem, bronejilet, shit va dubinka bilan qurollangan IIO xodimlari tomonidan qo‘riqlanardi. Orqaroqda qora formadagi avtomat ko‘targan xodimlar va maxsus texnika ko‘rinardi. Bino oldidagi yo‘l ustida yongan balonlar qoldiqlari yotardi.

Ma’lum bir vaqtdan so‘ng xodimlar va erkaklarning birining o‘rtasida mojaro yuzaga keldi. Bunga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Fuqaro baland ovozda nimadir deb baqirardi. Jurnalistdan 15 metr nariroqda turgan ayol past ovozda unga ketishini, aks holda uni ham qo‘lga olib, kuch ishlatishlari mumkinligini aytardi.

Natijada xodimlardan biri shovqinli granatini ishlatdi. Odamlar har tarafga qochdi, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari esa «Jiguli»ga o‘tirib ketishga uringan erkakni qo‘lga olishdi.


Erkakning qo‘lga olinishi.

Boshi va yuzini ro‘mol bilan o‘rab olgan Kalbike Perniyazova bino oldiga ikkinchi kun kelyapti, garchi turmush o‘rtog‘i Axmed Jamgirniyazov u yerdaligiga ishonchi komil bo‘lmasa ham. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi xodimlar erining «Kos Kol-4»daligini aytadi, ba’zilari esa buni rad etadi.

Nukuslik ayol turmush o‘rtog‘i maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashini va bo‘sh vaqtida yollanma ishchi sifatida qo‘shimcha pul topishini aytadi. 1 iyul kuni u oboy yopishtirgan bir obyektda ushlanib qoladi. Kalbike Perniyazova o‘sha paytda miting haqida bilgan va turmush o‘rtog‘i haqida qayg‘urgan. Oxirgi marotaba ular taxminan 22:00—23:00 atrofida suhbatlashishgan.

«U ishdan chiqayotganligini va uyga otlanayotganligini aytdi… Uning mitingda qatnashish maqsadi yo‘q edi. Uni shundoq ham belida grijasi bor, u ko‘p yurolmaydi. Ertalab uyga keladi deb umid qilgandim, lekin o‘shandan beri u yo‘q. Hamma izolyatorlarni, bo‘limlarni kezib chiqdim. Bu oxirgi izolyator. Kimdir u shu yerda deydi, boshqasi bu yerda emas deydi. Biz yo‘qolgan yaqinlarimizning ism va familiyasini ro‘yxatga yozyapmiz», — dedi u.

2 iyul kuni Kalbike Perniyazova shahar IIOga 102 raqami orqali telefon qilgan, lekin hech kim javob bermagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shanba kuning o‘zidayoq «Kos Kol-4»da qarindoshlarga ushlanganlar qo‘yib yuborilishini va’da qilishgan, lekin yakshanba kuni tushga kelib ular haligacha ko‘chada kutayotgan edilar.

U turmush o‘rtog‘ining sog‘lig‘idan xavotirda, chunki «2 iyul kuni xuddi senga o‘xshagan yigitlar o‘ldi, men yosh yigitlar o‘lganini ko‘rdim», dedi u muxbirga.

4 iyul kuni kunduzi Kalbike Perniyazova «Gazeta.uz»ga eri Nukus shahar IIBda saqlanayotganligini ma’lum qildi.

Yana bir kishi qo‘lga olinganlar orasida emizik bolasi bor ayol bo‘lganligini aytadi. U do‘konga taglik olgani chiqqan va qaytib kelmagan. Uning qarindoshlari bolasini emizish uchun olib kelishadi.

Boshqa bir nukuslik ayol Kalbike Jumanova turmush o‘rtog‘i Maksedbay Kalmurzayevni 1 iyul kuni qo‘lga olishganini va shu SIZOda saqlashayotganini aytdi. Avvallari u ichki ishlar organi xodimi bo‘lgan, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi yaqinidagi qurilish obyektlaridan birida qo‘riqchi bo‘lib ishlaydi.

«Uni qanday hibsga olishganini bilmayman. Ertalab ishxonasidan telefon qilishdi va u ishda emasligini aytishdi», — deydi u.

Ayolning ishontirishicha, uning eri namoyishlarni qo‘llab-quvvatlamagan hamda undan o‘g‘illari va boshqa qarindoshlari uyda qolishlarini so‘ragan.

«U har kuni biz bilan soat 21:30 da biz bilan gaplashardi. Bolalar uydami deb so‘rardi va hech kim ko‘chaga chiqmasligini so‘rardi, chunki ko‘chada tartibsizliklar ketayotgan edi. Keyin esa aloqa yo‘qoldi. Unda mitingda qatnashish maqsadi yo‘q edi. U hattoki o‘g‘illarimiz uyda bo‘lishini so‘rardi», — dedi Kalbike Jumanova.

Ayol Kalbike Perniyazovaning huquqni muhofaza qilish organlari 3 iyul kuni 50 kishini qo‘yib yuborishni va’da qilganliklari haqidagi so‘zlarini takrorladi.

«Ularni qiynoqqa solishyaptimi yoki yo‘qmi, kaltaklashyaptimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz. Bizga ularni ko‘rsatishmayapti», — deya ta’kidladi u.

Kalbike Jumanovaning ma’lum qilishicha, u yaqinda davolangan va shifokorlar unga ikki kun quyoshga chiqmaslikni buyurgan, biroq erining hibsga olinganligi sababli bu qoidani buzishiga to‘g‘ri kelgan.

«Qoraqalpog‘istonda o‘zbeklar, qozoqlar, ruslar, koreyslar yashaydi. Biz do‘stona kayfiyatda yashaymiz. Qandaydir mojarolarimiz yo‘q. Biz ularni hurmat qilamiz. Biz urushni xohlamaymiz, bizga tinchlik kerak. Yigitlar faqat moddani (Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar — tahr.) deb chiqishdi… Bizning rahbariyatimiz aybdor. Биз o‘zbeklarni ayblayotganimiz yo‘q, biz o‘zimizning rahbariyatimizni ayblayapmiz», — dedi u.

Yana bir nukuslik ayol taklif etilgan o‘zgartirishlarni muhokama qilish uchun aholi bilan uchrashmagan Qoraqalpog‘iston deputatlaridan noroziligini bildirdi.

«Ular kelib, bizga tushuntirishi kerak. Nega biz ularni saylaymiz? Deputatlar, senatorlar: Jo‘qorg‘i Kenges odamlar qayerda? Biz prezidentni ayblamayapmiz, unga rahmat», — dedi u.

Ayolning aytishicha, uning 18 yoshli talaba o‘g‘lini uyning hovlisida, o‘rtoqlari bilan o‘tirganida ushlab ketishgan.

«U shu yil o‘qishga kirdi, yaqinda imtihonlarni topshirdi. U „Oyi, qayta topshirish bo‘lmadi, men o‘tdim“, derdi. Boshqalar kontrakt to‘lash uchun qarz olyapti. U barcha imtihonlarni o‘zi topshirdi», — deydi ayol ko‘zda yosh bilan.

U o‘g‘lini qo‘rqitishlari, uning bo‘yniga «ayblovni ilish» uchun bosim o‘tkazishlari mumkinligidan xavotirda. Ayol Qozog‘istondagi namoyishlar vaqtida qirg‘izistonlik musiqachini pogromchiga chiqarishganini misol qilib keltirdi. Taniqli musiqachi Vikram Ruzaxunov Qozog‘iston televideniyesida 90 ming tenge (taxminan 200 dollar) uchun Olmaotadagi pogromlarda qatnashgan ishsiz kishi sifatida ko‘rsatilgan edi.

«Uni haligi musiqachi kabi go‘yoki 200 dollar uchun mitingda qatnashganini „tan olishga“ majburlashlari mumkinku. Uni shunday qo‘rqitib qo‘yishlari mumkinligidan qo‘rqaman. Ichkarida nima bo‘layotganini biz bilmaymiz», — deya ta’kidlaydi ayol.

Xo‘jaylida istiqomat qiluvchi ayol Gulnaz Yerejepova telefon orqali «Gazeta.uz»ga 31 yoshli turmush o‘rtog‘i Islom Kamoliddinovich Kalilichev 1 iyul kuni tushdan so‘ng Nukusga bozorga jo‘naganini ma’lum qildi. U o‘zi bilan telefonni olmagan, uyida yodidan ko‘tarilib, qoldirib ketgan. Shundan buyon ayol uni topolmaydi.