Bosh prokuratura Nukusdagi voqealar xronologiyasini ma’lum qildi

Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar xronologiyasini ma’lum qildi. Taxminan 300 kishi Nukusga kirishdagi postda 50 nafar gvardiyachidan ratsiya, dubinka, shitlarni tortib olgani va Nukus xalqaro aeroporti, mahbuslar Reabilitatsiya markazi, shahar IIB binolariga hujum uyushtirgani aytilmoqda.

Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etdi

1−2 iyul kunlari Nukus shahridagi bo‘lib o‘tgan namoyishlar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etdi, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimi turli jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizildi. Tartibsizliklarda qatnashgan 516 nafar fuqaro hibsga olindi.

Konstitutsiyada Qoraqalpog‘iston maqomi o‘zgarmaydi va muhokamalar muddati esa uzaytirildi

Qonunchilik palatasi deputatlari Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Qolaversa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati 15 iyulga qadar uzaytirildi.

Nukusdagi voqealar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Nukusdagi namoyishlar fakti bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev prezident Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotda Qoraqalpog‘istonda «barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi».

Hafta davomida salqin havo kuzatiladi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi

O‘zbekistonga Volga bo‘yi hududlaridan salqin va nam havo massasi kirib kelishi hisobiga 5 iyuldan boshlab barcha hududlarda havo harorati +30 darajagacha pasayadi. Ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da berganlar ushlandi

Chirchiqda Olimpiya zaxiralari kolleji o‘qituvchisi hamda talaba Jismoniy tarbiya va sport universitetiga abituriyentni o‘qishga kiritish evaziga 4500 dollar olganlikda gumonlanmoqda. Shu kabi holat Yuqorichirchiqda ham kuzatildi, gumondor 4500 dollarni olganida huquq-tartibot organlari tomonidan ushlandi.

Kreml Qoraqalpog‘istondagi voqealarni O‘zbekistonning ichki ishi deb atadi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qoraqalpog‘istondagi voqealar O‘zbekistonning ichki ishi ekani, Kreml mamlakat rahbariyati faollik bilan muammolarni hal etishiga shubha qilmayotganini bildirdi.

Yevropa kengashi prezidenti Nukusdagi namoyishlar qurbonlari yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel prezident Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Nukusdagi namoyishlarda qurbon bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Qolaversa, u vaziyatni ba’zi buzg‘unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Hayit namozi o‘qilmasligi bo‘yicha xabarlar asossiz» — O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda «Qurbon Hayiti namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi» mazmunidagi xabarlar «asossiz va haqiqatga mos kelmasligini» ma’lum qildi. Hozir mamlakatda ommaviy tadbirlar cheklanmagan, namoz o‘qish bo‘yicha biror o‘zgarish bo‘lsa, oldindan xabar berilishi qayd etildi.

Kamola Sobirova AKT vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi

U vazirlikda yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish hamda O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markaziga aylantirish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

YUNISEF MTVga bog‘chalarda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 8100 ta yo‘riqnomani topshirdi

YUNISEF tomonidan Maktabgacha ta’lim vazirligiga topshirilgan bog‘cha tibbiyot xodimlari uchun yo‘riqnomalarda gigiyena, bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va profilaktika choralari, jumladan, emlash bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.

O‘zbekistonga qariyb 2 mln doza Pfizer vaksinasi keltirildi

Dushanba kuni COVAX dasturi doirasida O‘zbekistonga qariyb 2 mln doza Pfizer vaksinasi keltirildi.

Nodavlat sport-ta’lim muassasalariga 2026 yilgacha imtiyozlar berildi

Prezident qarori bilan Olimpiya va Paralimpiya sovrindorlari tashkil etgan nodavlat sport-ta’lim muassasalariga 2024 yilgacha, barcha nodavlat sport-ta’lim muassasalariga esa 2024 yildan boshlab ikki yil davomida bino va inshootlar ijara to‘lovlari va soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berildi.

Samarqandda yana bir ayol o‘z joniga qasd qildi

Toyloq tumanida yashagan 29 yoshli ayol o‘zini mehmonhonadagi kiyim ilgichga ro‘mol bilan osib, joniga qasd qilgani aytilmoqda. Bosh prokuratura sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvi o‘tkazilgani va xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi. Avval ham Samarqandda ayol kishi o‘z joniga qasd qilgandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Tahlilnoma»dan «Yangi Zamon»gacha. O‘zbekiston markaziy telekanallari Qoraqalpog‘istondagi voqealarni qanday yoritdi?

1−2 iyulda Qoraqalpog‘istonda fuqarolar norozilik namoyishlarini o‘tkazdi. Rasmiy va norasmiy xorijiy OAVlar buni turlicha talqin qilib, hattoki feyk xabarlar tarqatgani kuzatildi. Bu vaqtda esa O‘zbekiston markaziy telekanallari Nukus voqealarini qay tarzda yorita ol (ma)gani — «Gazeta.uz» materialida.

Prezident Nukusda nimalarni ta’kidladi?

Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqiga murojaatida ma’lum kuchlar «konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida… vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinishayotganini» ta’kidladi. Qoraqalpog‘istonning maqomi o‘zgarmasligini yana bir bor aytib, so‘nggi yillarda mintaqada ro‘y bergan o‘zgarishlarni sanadi.