Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar vaqtida tashqi kuchlar ta’siri ostida qo‘liga qurol olgan shaxslar organ xodimlariga o‘q uzganini ma’lum qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Nukusning Jeketerak mahallasi aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Suhbat audiosi Kun.uz tomonidan e’lon qilindi.

«Albatta ko‘p davlatlar notinch. Ko‘p davlatlardan bunday o‘rnak olish bizga yarashmaydi. Bizga faqat tinchlik va osoyishtalik, birdamligimiz kerak», — dedi u.

Davlat rahbari Qoraqalpog‘iston har kelganida aholi bilan uchrashishi va ochiq muloqot qilishini esga oldi. «Vakillarimni tashlab ketaman. Qoraqalpog‘istonda shuncha katta-katta ishlarni boshlaganmiz, mana mahallalaring o‘zgardi», — dedi u. Aholi vakillari ham o‘zgarishlari tasdiqlashdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, odamlarni eshitadigan tizim yo‘q edi. «Birovga ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, maqtanish uchun emas, haqiqatni aytayapmanki, iloji boricha davlat xalqni eshitadigan, rozi qiladigan tizim yaratsa o‘shandagina niyatimizga erishamiz», — dedi u.

«Favqulodda vaziyat e’lon qildim. Kechasi borib, [hujjatga] qo‘l qo‘ydim. Bugun yana qaytib kelganim, tinchlikning kafolati bu. Xalqimizning tinchligini hammamiz o‘ylashimiz kerak. Bitta odam ham nobud bo‘lsa, fojea bu xalq uchun. Tasavvur qilinglar, qo‘llarida miltiq olganlar bizning Milliy gvardiya xodimlarini otdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari namoyishchilar armiyaga qarshi to‘ntarish qilish niyatida bo‘lgan, ularni esa mamlakat tashqarisidan boshqarib turishipti.

«Bular (mahalliy aholi nazarda tutilmoqda — tahr.] ularning [tashqi kuchlar] o‘yiniga o‘ynayapti. Ularning o‘yiniga o‘ynayotganlarni biz qo‘ymaymiz. Kuchimiz ham, qudratimiz ham, imkoniyatimiz ham bor. Qoraqalpog‘istonda tinchlikni o‘rnatamiz», — dedi prezident.

Huquqbuzarlar esa qonun oldida javob berishi aytildi.

«Kelib uchrashishimdan maqsad, avvalambor sizlar orqali butun mana shu Nukus va qoraqalpoq xalqiga aytishim kerak-ki, men o‘zim prezident bo‘lib kafolat beramanki, hech qanday masala bo‘lmaydi, qattiq, temir intizom bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston aholisidan favqulodda holat rejimi va komendantlik soatiga (21:00—7:00) rioya qilish va zarurat bo‘lmagan taqdirda uydan chiqmaslikni, qolaversa, faqat rasmiy xabarlarga ishonishni so‘rab chiqqandi.