1 iyuldan boshlab O‘zbekiston mahallalarida oilalar va ayollarni kambag‘allikdan chiqarish uchun kompleks yondashuv va «oilabay» tamoyili asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boshlanadi. Bu prezidentning 30 iyundagi qarorida nazarda tutilgan.

Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni joriy etish bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi Bosh prokuror o‘rinbosari, vazir o‘rinbosarlari hamda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, aholini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha mas’ul boshqarma rahbarlari, qolaversa, mahalla va keksa avlod vakillari, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi vakillaridan iborat respublika shtablari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi respublika shtabining ishchi organi bo‘lib, hududiy shtablar ham tashkil etiladi.

Avvaroq, 2022 yilda Ijtimoiy himoya vazirligini tashkil etish rejalashtirilgandi. BMT agentliklari va ekspertlari aholining barcha qatlamlari uchun ijtimoiy himoya, yordam va xizmatlarni muvofiqlashtirish vakolati va funksiyalariga ega bo‘lgan bunday tashkilot zarurligini bir necha bor ta’kidlagan.

Shtab mahallalarda oilalardagi ijtimoiy muammolarga kompleks yondashish tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, oilalarni iqtisodiy nochor ahvoldan olib chiqish va ularni mehnat daromadi manbai bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, faol xotin-qizlar bilan muloqot qilish choralarini ko‘radi.

Faol ayollarning roli

Mahalladagi faol ayol (Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga bo‘ysunuvchi) zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan:

  • har bir xonadonning ahvolini o‘rganish va oilalardagi real ahvolni, ularning ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash;
  • ijtimoiy yordamga muhtoj har bir oila uchun individual ijtimoiy himoya rejasini ishlab chiqish;
  • ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
  • oilalarning murakkab va yuqori texnologiyali tibbiy operatsiyalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez-ortopediya buyumlariga va boshqa ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari yuzasidan tavsiyalar va arizalar berish;
  • ijtimoiy himoyaga mas’ul bo‘lgan barcha bo‘limlar tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini nazorat qilish.

Hujjatda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish zaruriyatini o‘rganish va qaror qabul qilish mexanizmi quyidagicha ko‘rsatilgan:

  • Faol xotin-qizlar ko‘rsatilayotgan yehtiyojlar va xizmatlarni, shuningdek oilalarning ahvolini o‘rganadi va har ikki haftada hududiy shtabga ma’lumotlar kiritadi: ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj, oilalarga aniq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, bu boradagi tavsiya va arizalar to‘g‘risida ma’lumot beradi.
  • Oilalarning murakkab va yuqori texnologiyali operatsiyalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez-ortopediya buyumlari va boshqa shu kabi ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, mahallalardagi xonadonlar holatini monitoring qilish, murojaatlar asosida ijtimoiy xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatadi.
  • Viloyat shtablari bu ma’lumotlarni umumlashtirib, ikki kun muddatda respublika shtabiga yuboradi. Muvofiqlashtiruvchi shtab olingan ma’lumotlar asosida uch kun muddatda ijtimoiy xizmatga haqiqatan ham muhtoj oilalarga mas’ul xodim — hududiy shtab a’zosi tomonidan manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etadi.

Yagona reyestrda «Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli

Joriy yilning 1 avgustiga qadar Yagona ijtimoiy himoya reyestri doirasida «Mahallada ijtimoiy xizmat ko‘rsatish» modulini joriy etish rejalashtirilgan.

Faol xotin-qizlarning modul bilan ishlashi uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash» loyihasi doirasida imtiyozli kreditlar hisobidan planshetlar xarid qilinadi.

1 avgustdan sinov loyihasi sifatida Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda «Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli orqali xizmatlar ko‘rsatish joriy etiladi. Bu noyabr oyidan butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqatilishi kerak.