Fransiyaning Veolia Energy Tashkent kompaniyasiga Toshkent issiqlik ta’minoti tizimini boshqarish topshirildi. Avvalroq bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining [VMQ №594] qarori qabul qilingan edi.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan Veolia Energy Tashkent ilgari «Toshissiqquvvati» DUK boshqaruvida bo‘lgan barcha faoliyat turlarini amalga oshirishni boshladi.

Hukumat qaroriga muvofiq, Osiyo taraqqiyot banki dastlabki 3 yil davomida loyihani amalga oshirish hamda monitoring olib borish bo‘yicha maslahatchi sifatida Toshkent hokimligiga ko‘maklashadi. OTB o‘z xizmatlari uchun 1 mln dollar olishi kerak.

2021 yilda Toshkent hokimligiga o‘n kun muddatda davlat sherigi sifatida maxsus kompaniya bilan loyiha bo‘yicha amal qilish muddati 30 yil bo‘lgan, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat-sherikchilik to‘g‘risidagi bitimni imzolash topshirilgandi:

  • Samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlariga issiqlik podstansiyalari, issiqlik va issiq suv hisoblagichlari o‘rnatish, shuningdek, avariya holatlari, issiqlik yo‘qotishlari, energiya va suv iste’molini keskin kamaytirish hamda zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish;
  • Maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan tajriba loyihalari sifatida dastlabki ikki yilda Toshkentning Bektemir va Sergeli tumanlaridagi «Vodnik» va «Sanoat energo» markazlashgan qozonxonalari orqali 118 ta ko‘p qavatli uy va 43 ta ijtimoiy obyektning issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va yopiq tizimga o‘tkazish;
  • Tajriba loyihalari bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) ijrosi yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining tavsiyasiga hamda texnik auditorning hisoboti asosida bitim kuchga kirgan kundan boshlab 2 yildan keyin uni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, davlat sherigiga 18 yildan keyin bitimni ixtiyoriy raishda bir tomonlama bekor qilish huquqini berish;
  • «Toshissiqquvvat» DUKning issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, iste’molchilarga yetkazib berish, shu jumladan, issiqlik tizimini eskpluatatsiya qilish, iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish va to‘lovlarni undirish bo‘yicha vazifa va funksiyalarni maxsus loyiha kompaniyasiga o‘tkazish;
  • Veolia Central & Eastern Europe tomonidan loyiha doirasida 20 mln yevro miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani jalb qilish.

KPI ko‘rsatkichlari.

Loyiha doirasida 181 ta markazlashtirilgan va lokal issiqlik tizimi inshooti va qozonxonani modernizatsiya qilish, penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan quvurlar asosida 575,6 km issiqlik tarmoqlarini qurish va 841,1 km issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 51,5 ming dona issiqlik energiyasi o‘lchov uskunasini va 2 464,6 ming dona issiq suv hisoblagichni o‘rnatish, shuningdek, 391 ta maxsus texnika va avtomashinalar xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, «Toshissiqquvvati» DUKga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk, shu jumladan, bino-inshoot va boshqa moddiy boyliklar xatlovdan o‘tkazilib, ular sotish va boshqa shaxslarga o‘tkazish huquqisiz Maxsus loyiha kompaniyasiga egalik qilish va vaqtinchalik foydalanishga bepul topshiriladi.

Issiqlik energiyasi tariflari va maxsus jamg‘arma

Hukumat qarori bilan quyidagi tartiblar o‘rnatildi:

  • Toshkent shahrida iste’molchilarga ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan tariflar Maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga ko‘ra har yili 1 mayga qadar xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarorlari bilan tasdiqlandi;
  • issiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha tariflar haqiqiy xarajatlar tannarxi bilan birga issiqlik tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish xarajatlari inobatga olingan holda shakllantirildi;
  • xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarorlariga asosan aholiga bssiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi natijasida yuzaga keladigan zararlar Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan har oyda subsidiyalar ajratish orqali qoplab berildi;
  • aholiga issiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha pasaytirilgan tariflar qo‘llanilishi natijasida yuzaga keladigan zararlarni Maxsus loyiha kompaniyasiga qoplab berish yuzasidan aniq hisob-kitoblar 2022 yil uchun — 2021 yil 1 dekabrga qadar va kelgusi yillar uchun — har yili 1 iyunga qadar Moliya vazirligiga Toshkent shahar hokimligi tomonidan taqdim etildi.

Aholiga pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yektazilgan zararni qoplash uchun subsidiyalar miqdori.

Toshkent hokimligi huzurida Loyiha uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan «Markazlashtirilgan issiqlik tizimi infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi» tashkil qilindi. Issiqlik energiyasi va issiq suv uchun to‘lovlarning bir qismi, davlat budjetidan subsidiyalar, Veolia sof foydasining bir qismi mazkur jamg‘armani moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari markazlashtirilgan va mahalliy qozonxonalar, issiqlik inshootlari, stansiyalar va tarmoqlarni qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.

Jamg‘armaning ishlatilmay qolgan mablag‘lari budjet subsidiyalarini ajratishda hisobga olinadi, shuningdek «Toshissiqquvati» DUK qarzini qoplashga sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanish qat’iyan man etiladi va ulardan samarali foydalanish uchun Toshkent shahri hokimi javobgar bo‘ladi.

«Gazeta.uz» avvalroq Veolia 30 yil davomida loyihani amalga oshirish uchun o‘z hisobidan 315 mln yevro hamda loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 mlrd 80 mln yevro yo‘naltirishi haqida yozgan edi. 10 yil davomida poytaxtdagi barcha qozonxonalarni yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, tariflarni 2021−2027 yillarda yiliga 30 foizga oshirish belgilangan. Ushbu davr mobaynida budjet subsidiyalari hajmi ham 3,8 trln so‘mdan 8,5 trln so‘mga oshishi kutilmoqda.