Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yoshlar uchun yangi imtiyoz va subsidiyalar taqdim etilishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari forumga O‘zbekiston yoshlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar bilan kelganini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakatda zamonaviy kasb va bilimlarni egallash imkoniyatlari kengaytiriladi.

«Har safar sizlar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotganimda, meni bir savol chuqur o‘ylantiradi. Ertangi kunimiz egalari hisoblangan yoshlarimizning yanada barkamol bo‘lishlari uchun yana qanday shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim?», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda 14−17 yosh oralig‘idagi 3 mln nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarga ham «Yoshlar daftari»da ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklardan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Xususan, unda nazarda tutilgan imtiyozlar amaldagi 11 tadan 25 taga ko‘paytiriladi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu daftarga kiritilgan yoshlarga zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rganishi uchun har biriga oyiga 1,2 mln so‘mdan subsidiya beriladi.


«Bundan buyon, xususiy ta’lim muassasalarida IT bo‘yicha o‘qish (dasturlash, veb-dizayner, animatsiya) istagini bildirgan yoshlarga ham 20 mln so‘mgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etiladi», — dedi prezident. Shuningdek, yoshlarga ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi to‘garaklar uchun 6 oy davomida 300 ming so‘mdan pul to‘lanadi. Bundan tashqari, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha mahalliy olimpiadalarda qatnashuvchilarga xarajatlari uchun 1,2 mln so‘mdan, nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchilar uchun 12 mln so‘mdan pul beriladi.

«Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun yilda bir marotaba maktab formasi hamda o‘quv qurollarini sotib olish xarajatini davlat o‘z zimmasiga oladi.

2022−2023 o‘quv yilidan boshlab musiqa san’ati bo‘yicha tahsil olayotganlarga quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • maqom xonandaligi, maqom cholg‘u ijrochiligi va baxshichilik yo‘nalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat tomonidan to‘lab beriladi;
  • fortepiano ijrochilari tayyorlash bo‘yicha qabulni 3 barobarga ko‘paytirib, bu yo‘nalishda ham kontrakt to‘lovlari to‘la davlat tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, endi texnikumlarga qabul yilda 2 marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobarga oshiriladi. Shuningdek, texnikumlar uchun ta’lim krediti joriy qilinadi va 80 mingdan ziyod yoshlarga kredit berish uchun moliyaviy resurs ajratiladi.

Respublikada xorijiy tillar bo‘yicha bilim bellashuvlarida yuqori natijalarga erishgan 70 nafar o‘quvchi va ularning 14 nafar ustozlari davlat hisobidan Buyuk Britaniyaga safarga yuboriladi.

Davlat rahbari yoshlarning bandligini ta’minlash masalasiga ham to‘xtaldi. «Bir yil davomida tadbirkorlik dasturlariga 4 trln so‘m yo‘naltirish orqali 220 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlanadi. 130 ming nafar yoshlarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qishi uchun 160 mlrd so‘m subsidiya ajratiladi. 110 mingdan ziyod yoshlar esa davlat korxonalari va xususiy sektordagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik loyihalariga 250 mlrd so‘m subsidiya va kompensatsiyalar beriladi. Ayni paytda, ularning qishloq xo‘jaligi sohasidagi faoliyatini ham tizimli ravishda rag‘batlantirib boriladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, endi har yili o‘quv yili yakunlanishi bilan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha har bir hudud alohida dastur qabul qiladi.